179-modda. Jismoniy shaxslarning soliq solinmaydigan daromadlari — Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi
179-modda. Jismoniy shaxslarning soliq solinmaydigan daromadlari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Jismoniy shaxslarning quyidagi daromadlariga soliq solinmaydi:
1) moddiy yordam summalari:
favqulodda holatlar munosabati bilan beriladigan moddiy yordam summalari — toʻlaligicha;
vafot etgan xodimning oila aʼzolariga yoki oila aʼzosi vafot etganligi munosabati bilan xodimga beriladigan moddiy yordam summalari — mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 4,22 baravarigacha miqdorda;
ushbu Kodeksning 178-moddasida koʻrsatilgan boshqa hollarda, — soliq davri uchun mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 4,22 baravarigacha miqdorda.
2) yoʻllanmalar qiymatini yuridik shaxslar tomonidan toʻliq yoki qisman qoplash summalari, turistik yoʻllanmalar bundan mustasno:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan sanatoriy-kurort va sogʻlomlashtirish muassasalariga yoʻllanmalar qiymatini nogironlarga, shu jumladan mazkur korxonada ishlamaydigan nogironlarga toʻliq yoki qisman qoplash summalari;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan bolalar oromgohlari va boshqa sogʻlomlashtirish oromgohlari, shuningdek sanatoriy-kurort va sogʻlomlashtirish muassasalariga oʻz xodimlarining oʻn olti yoshga toʻlmagan (oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan oʻquvchilar) bolalari uchun yoʻllanmalar qiymatini toʻliq yoki qisman qoplash summalari;
3) oʻz xodimlariga va ularning bolalariga ambulatoriya va (yoki) statsionar tibbiy xizmat koʻrsatilganligi uchun ish beruvchi tomonidan toʻlangan summalar, shuningdek yuridik shaxsning davolash va tibbiy xizmat koʻrsatganlik, nogironlik profilaktikasi va nogironlarning salomatligini tiklashga doir texnik vositalarni olish uchun qilingan xarajatlari. Xodimlarni davolaganlik, ularga tibbiy xizmat koʻrsatganlik uchun yuridik shaxslar tomonidan sogʻliqni saqlash muassasalariga naqd pulsiz haq toʻlangan taqdirda, shuningdek sogʻliqni saqlash tashkilotlari tomonidan yozib berilgan hujjatlar asosida ushbu maqsadlar uchun moʻljallangan naqd pul mablagʻlari bevosita xodimga, xodim yoʻqligida, uning oila aʼzolariga, ota-onalariga berilgan yoki mazkur maqsadlar uchun moʻljallangan mablagʻlar xodimning bankdagi hisobvaragʻiga kiritilgan taqdirda, ushbu daromadlar soliq solishdan ozod qilinadi;
4) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga ishlash uchun yuborilishi munosabati bilan budjet tashkilotlaridan chet el valyutasida olingan ish haqi summalari va boshqa summalar, qonun hujjatlarida belgilangan summalar doirasida;
5) vaqtinchalik bir martalik ishlarni bajarishdan olingan daromadlar, agar bunday ishlarga yollash vaqtinchalik bir martalik ish bilan taʼminlash markazlari koʻmagida amalga oshirilayotgan boʻlsa;
6) soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlaganidan keyin xususiy korxona mulkdori, oilaviy korxona ishtirokchisi hamda fermer xoʻjaligi boshligʻi ixtiyorida qoladigan foyda summasi;
7) Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotlari va davlat pul mukofotlariga sazovor boʻlgan jismoniy shaxslar olgan bir yoʻla beriladigan davlat pul mukofoti yoki shunga teng bahodagi esdalik sovgʻalarining qiymati, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida bir yoʻla beriladigan pul mukofoti va sovgʻalar;
8) xalqaro sport musobaqalarida sovrinli oʻrinlarni egallaganligi uchun sportchilar olgan bir yoʻla beriladigan pul mukofoti;
10) donorlik uchun pul mukofotlari, shuningdek qon yiqqanlik uchun tibbiyot muassasalari xodimlari oladigan summalar;
11) jismoniy shaxslarga xususiy mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan mol-mulkni sotishdan olinadigan daromadlar, bundan:
qimmatli qogʻozlarni (bundan fond birjasida realizatsiya qilinadigan emissiyaviy qimmatli qogʻozlar mustasno), yuridik shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini (paylarini);
yashash uchun moʻljallanmagan joylarni;
ketma-ket keladigan oʻn ikki oylik davr ichida bir martadan ortiq bitim tuzilgan taqdirda, turar joylarni sotishdan olinadigan daromadlar mustasno.
12) uy xoʻjaligida, shu jumladan dehqon xoʻjaligida yetishtirilgan hayvonlarni (qoramol, parranda, moʻynali va boshqa hayvonlar, baliq va boshqalarni) tirik holda hamda ularni soʻyib, mahsulotlarini xom yoki qayta ishlangan holda, sanoatda qayta ishlashdan tashqari, tabiiy va qayta ishlangan chorvachilik, asalarichilik va dehqonchilik mahsulotlarini sotishdan olinadigan daromadlar, bundan manzarali bogʻdorchilik (gulchilik) mahsulotlari mustasno. Mazkur daromadlar soliq toʻlovchi tegishli mahalliy davlat hokimiyati organi, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi, bogʻdorchilik, uzumchilik yoki polizchilik shirkatlarining boshqaruvlari tomonidan berilgan, realizatsiya qilingan mahsulot soliq toʻlovchi tomonidan unga yoki uning oila aʼzolariga ajratilgan yer uchastkasida yetishtirilganligini tasdiqlovchi belgilangan shakldagi hujjatni taqdim etgan taqdirda, soliq solishdan ozod qilinadi agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa;
13) xalqaro hamda respublika tanlovlari va musobaqalarida olingan buyum tarzidagi sovrinlarning qiymati;
14) yuridik shaxsdan soliq davri mobaynida mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 2,11 baravarigacha boʻlgan qiymatdagi:
xodimlar natura shaklida olgan sovgʻalar;
ilgari mazkur yuridik shaxsning xodimlari boʻlgan ishlamayotgan pensionerlar va mehnat qobiliyatini yoʻqotgan shaxslar, vafot etgan xodimning oila aʼzolari tomonidan olingan sovgʻalar va boshqa turlardagi yordam.
15) jismoniy shaxslardan meros yoki hadya tartibida, shuningdek tekin olingan pul va natura shaklidagi daromadlar, bundan fan, adabiyot va sanʼat asarlarining, adabiyot va sanʼat asarlari ijrochilarining, shuningdek kashfiyotlar, ixtirolar va sanoat namunalari mualliflarining merosxoʻrlariga (huquqiy vorislariga) toʻlanadigan pul mukofotlari mustasno;
16) davlat zayomining obligatsiyalari boʻyicha yutuqlar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining davlat qimmatli qogʻozlari boʻyicha foizlar, lotereya boʻyicha yutuqlar;
17) jamgʻarma sertifikatlari, davlat qimmatli qogʻozlari boʻyicha daromadlar, shuningdek banklardagi omonatlar boʻyicha foizlar hamda yutuqlar;
18. xalqaro hamda chet el tashkilotlari va fondlaridan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan vakil qilingan organning xulosasi boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining ilmiy-texnika hamkorligi sohasidagi xalqaro shartnomalari doirasida bevosita jismoniy shaxsning grant beruvchidan olgan granti summasi.
20) mehnat shartnomasi bekor qilinganida mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 4,22 baravari miqdori doirasida toʻlanadigan ishdan boʻshatish nafaqasi, qonun hujjatlarida belgilangan boshqa nafaqalar, bundan vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqalari (shu jumladan oilaning bemor aʼzosini parvarishlash nafaqasi) mustasno, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, xayriya va ekologiya jamgʻarmalaridan jismoniy shaxslarga beriladigan yordam tusidagi toʻlovlar;
21) olingan alimentlar;
22) fuqarolarning sugʻurta tovoni sifatida oladigan summalari;
23) qonun hujjatlarida davlat stipendiyalari uchun belgilangan miqdorlarda taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan toʻlanadigan stipendiyalar;
24) uy-joy-kommunal xizmatlariga haq toʻlash boʻyicha qonun hujjatlariga muvofiq har oylik kompensatsiya pul toʻlovlari;
25) davlat pensiyalari;
27) jamgʻarib boriladigan majburiy pensiya badallari, ular boʻyicha foiz daromadlari, shuningdek jamgʻarib boriladigan pensiya toʻlovlari;
28) fuqarolarning soliq solinadigan va Oʻzbekiston Respublikasida sugʻurta faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxslarga hayotni uzoq muddatli sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta mukofotlari toʻlovi uchun yoʻnaltiriladigan ish haqi va boshqa daromadlarining summalari;
29) yuridik shaxslar muassislarining (ishtirokchilarining) ixtiyoriy tugatilayotgan tadbirkorlik subyektiga — yuridik shaxsga uning majburiyatlarini bajarish uchun yoʻnaltiriladigan daromadlari summalari. Ixtiyoriy tugatish qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda tugallanmagan yoki tugatish tartib-taomili toʻxtatilgan va faoliyat qayta tiklangan taqdirda, ushbu imtiyoz qoʻllanilmaydi va soliq summasi imtiyoz qoʻllanilgan butun davr uchun toʻliq miqdorda undiriladi;
30) quyidagi jismoniy shaxslarning soliq solinadigan ish haqi va boshqa daromadlari summalari:
yosh oila aʼzolari tomonidan yakka tartibda uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish va sotib olish uchun yoki koʻp kvartirali uydagi kvartirani rekonstruksiya qilish va sotib olish uchun olingan ipoteka kreditlarini hamda ular boʻyicha hisoblangan foizlarni qoplash uchun yoʻnaltirilganda;
qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibda uy-joy qurishni ushbu maqsadlar uchun kreditlar berish qonun hujjatlariga muvofiq zimmasiga yuklatilgan banklarning kreditlari hisobidan amalga oshirayotgan quruvchi shaxslar, shuningdek ularning mazkur kreditlar boʻyicha birgalikdagi qarz oluvchi boʻlgan oila aʼzolari tomonidan olingan ipoteka kreditlarini hamda ular boʻyicha hisoblangan foizlarni qoplash uchun yoʻnaltirilganda.
Ushbu bandda koʻrsatilgan mol-mulk olingan (mol-mulkka boʻlgan huquq davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan) sanadan eʼtiboran besh yil ichida sotilsa, mazkur bandda nazarda tutilgan daromadlarga belgilangan tartibda soliq solinadi.
31) fuqarolarning soliq solinadigan ish haqi va boshqa daromadlarining:
Oʻzbekiston Respublikasi oliy oʻquv yurtlarida taʼlim olish uchun (oʻzining oʻqishi yoki yigirma olti yoshga toʻlmagan farzandlarining oʻqishi uchun) yoʻnaltiriladigan summalari;
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq bankidagi fuqarolarning shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga ixtiyoriy ravishda yoʻnaltiriladigan summalari;
32) jismoniy shaxslardan tekin (shu jumladan hadya shartnomasi boʻyicha) olingan ulushlar, paylar va aksiyalar tarzidagi daromadlar, agar mazkur ulushlar, paylar va aksiyalarni berish yaqin qarindoshlar oʻrtasida amalga oshirilsa;
33) paxta yigʻim-terimi boʻyicha qishloq xoʻjaligi ishlariga jalb qilinadigan jismoniy shaxslarning bu ishlarni bajarganlik uchun olgan daromadlari;
34) aksiyadorlik jamiyatlari chet ellik xodimlarining boshqaruv xodimi sifatida oʻz faoliyatidan olgan daromadlari.
O'qish oynasida ochishRangli belgilar, qaydlar, qidiruv va tanlangan matn bo'yicha test bilan.
Matn lex.uz dan avtomatik olingan va mazmunan u bilan bir xil: bu alohida tahrir emas, o'sha matnning o'zi. U ta'lim va ma'lumot maqsadida keltirilgan, normalar mazmuni o'zgartirilmaydi. Bu rasmiy nashr emas: sud, shartnoma va rasmiy javoblar uchun lex.uz dagi amaldagi tahrirni tekshiring. Loyiha haqida
Sayt haqida: NEOLEX (veoskill) — O'zbekiston Respublikasi huquqi bo'yicha ta'lim loyihasi. U lex.uz o'rnini bosmaydi, o'sha matnlarga har bir modda uchun alohida manzil, oddiy so'zlar bilan izohlar, atamalar lug'ati, testlar va uch tilda o'qishni qo'shadi. Aloqa: Telegram @neovixar.
Quyidagicha iqtibos keltiring: 179-modda. Jismoniy shaxslarning soliq solinmaydigan daromadlari Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi. neolex.uz/uz/laws/law-1286689/179 (lex.uz/docs/-1286558)