195-modda. Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining Oʻzbekiston Respublikasidagi manbalardan olingan daromadlarini soliq solishdan ozod etish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasining tegishli xalqaro shartnomasini qoʻllash huquqiga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentining Oʻzbekiston Respublikasidagi manbalardan olingan daromadlaridan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi budjetga toʻlangan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasining bunday norezidenti toʻlangan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini ushbu Kodeksning 38-moddasiga muvofiq soliq majburiyati boʻyicha daʼvo muddati mobaynida budjetdan qaytarib olish huquqiga ega. Bunda Oʻzbekiston Respublikasi norezidenti jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini toʻlashdan ozod qilish toʻgʻrisidagi yoki uning summasini kamaytirish toʻgʻrisidagi iltimos bayon etilgan arizani, shuningdek quyidagi hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasining davlat soliq xizmati organiga taqdim etadi:
Oʻzbekiston Respublikasi bilan ikkiyoqlama soliq solishning oldini olish toʻgʻrisida xalqaro shartnomaga ega boʻlgan davlatning rezidenti ekanligini rasmiy jihatdan tasdiqlovchi hujjatni;
olingan daromadlarni tasdiqlovchi hujjatni;
ushbu Oʻzbekiston Respublikasi norezidenti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida Oʻzbekiston Respublikasidagi manbalardan olingan daromadlardan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi toʻlanganligi toʻgʻrisidagi tegishli xorijiy davlatning vakolatli organi tomonidan tasdiqlangan hujjatni.
Oʻzbekiston Respublikasining davlat soliq xizmati organi arizani uch oy muddatda koʻrib chiqadi va ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlar ishonchli boʻlgan taqdirda, ushbu Kodeksning 58-moddasida nazarda tutilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining norezidentiga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi summasini budjetdan qaytaradi.
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi gʻayriqonuniy qoʻllanilgan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining davlat soliq xizmati organi Oʻzbekiston Respublikasi norezidentiga asoslangan rad javobini yuboradi.
