110-modda. Shaxsning soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlikdagi aybini va uni javobgarlikka tortishni istisno qiladigan holatlar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Shaxsning soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlikdagi aybini istisno qiladigan holatlar deb quyidagilar eʼtirof etiladi:
soliqqa oid huquqbuzarlik belgilari boʻlgan qilmishning tabiiy ofat yoki boshqa favqulodda va bartaraf etib boʻlmaydigan holatlar oqibatida sodir etilganligi (mazkur holatlar hammaga maʼlum faktlarning mavjudligi, ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan maʼlumotlar va isbotlash uchun maxsus vositalar talab etilmaydigan boshqa usullar bilan belgilanadi);
soliqqa oid huquqbuzarlik alomatlari boʻlgan qilmish bunday qilmish sodir etilgan paytda kasallik oqibatida oʻz harakatlarini oʻzi idora etolmaydigan yoki boshqara olmaydigan holatda boʻlgan (mazkur holatlar mazmuni, mohiyati va sanasi boʻyicha soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etilgan oʻsha soliq davriga taalluqli boʻlgan hujjatlarni taqdim etish orqali isbotlanadi) jismoniy shaxs — soliq toʻlovchi tomonidan sodir etilganda;
vakolatli organlar yoki ular mansabdor shaxslarining soliqqa oid qonun hujjatlarining qoʻllanilishi masalalari boʻyicha oʻz vakolatlari doirasida bergan yozma tushuntirishlari soliq toʻlovchi tomonidan bajarilganda (mazkur holatlar ushbu organlarning tegishli hujjatlari mavjud boʻlgan taqdirda belgilanadi, ushbu hujjatlar maʼnosi va mazmuniga koʻra, hujjatlar qabul qilingan sanadan qatʼi nazar, soliqqa oid huquqbuzarlik yuz bergan soliq davriga taalluqli boʻlishi lozim).
Shaxsni soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortishni istisno qiladigan holatlar deb quyidagilar eʼtirof etiladi:
huquqbuzarlik sodir etish vaqtida oʻn olti yoshga toʻlmagan jismoniy shaxs tomonidan soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etilganda;
soliq majburiyatlari boʻyicha daʼvo muddatlari tugaganda.
