229-modda. Soliq toʻlovchilar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Aksiz soligʻi toʻlovchi yuridik va jismoniy shaxslar quyidagilardir:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida aksiz soligʻi solinadigan tovarlarni (aksiz toʻlanadigan tovarlarni) ishlab chiqaruvchilar;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida aksiz soligʻi solinadigan (aksiz toʻlanadigan xizmatlar) mobil aloqa xizmatlarini koʻrsatuvchilar;
benzin, dizel yoqilgʻisini yakuniy isteʼmolchilarga realizatsiya qilishni, shu jumladan avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchalari orqali realizatsiya qilishni, shuningdek gazni avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchalari orqali realizatsiya qilishni amalga oshiruvchilar. Ushbu boʻlimni qoʻllash maqsadida yakuniy isteʼmolchilar deganda oʻz ehtiyojlari uchun benzin, dizel yoqilgʻisi hamda gaz oluvchi yuridik va jismoniy shaxslar tushuniladi.
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga aksiz toʻlanadigan tovarlarni import qiluvchilar;
oddiy shirkat aksiz toʻlanadigan tovar ishlab chiqargan taqdirda, oddiy shirkat shartnomasining oddiy shirkat ishlarini yuritish zimmasiga yuklatilgan sherigi (ishtirokchisi).
Aksiz toʻlanadigan tovarlarning ayrim turlari boʻyicha aksiz toʻlanadigan tovarlar ishlab chiqaruvchi boʻlmagan shaxs Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan aksiz soligʻini toʻlovchi etib belgilanishi mumkin.
