228-modda. Soliq summasini qaytarib berish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini pul mablagʻlarini bank hisobvaragʻiga oʻtkazish yoʻli bilan soliq toʻlovchiga qaytarish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Soliq toʻlovchi qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini qaytarish uchun soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organlariga quyidagi hujjatlarni qogʻozdagi shaklda uch nusxada ilova etgan holda yoki soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali elektron hujjat tarzida taqdim etadi:
soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha yuridik shaxs qarzlarining solishtiruv dalolatnomasi. Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzlarning solishtiruv dalolatnomasi hisobot oyidan keyingi oyning 15-kuniga qadar tuziladi va bir kalendar oy mobaynida amal qiladi;
qoʻshilgan qiymat soligʻining hisob-kitobi;
agar yuridik shaxsga ilgari qoʻshilgan qiymat soligʻi qaytarib berilgan boʻlsa, qaytarilgan summalar va qaytarib berish sanasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
Soliq toʻlovchilar ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlarga qoʻshimcha ravishda quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
1) tovarlarni eksport qilishni amalga oshirayotgan yuridik shaxslar — ushbu Kodeks 213-moddasining birinchi qismiga muvofiq hujjatlarning koʻchirma nusxalarini, shuningdek chet el valyutasida realizatsiya qilingan tovarlar uchun tushum soliq toʻlovchining Oʻzbekiston Respublikasidagi bank hisobvaragʻiga kelib tushganligini tasdiqlovchi bank hujjatidan koʻchirmalarni;
11) tovarlar eksportini vositachilik, topshiriq shartnomasi boʻyicha vositachi, ishonchli vakil orqali amalga oshirayotgan yuridik shaxslar — ushbu Kodeks 213-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq hujjatlarning koʻchirma nusxalarini, shuningdek chet el valyutasida realizatsiya qilingan tovarlar uchun tushum vositachining, ishonchli vakilning yoki soliq toʻlovchining Oʻzbekiston Respublikasidagi bank hisobvaragʻiga kelib tushganligini tasdiqlovchi bank hujjatidan koʻchirmalarni yoki ularning koʻchirma nusxalarini;
2) chet el diplomatik vakolatxonalari hamda ularga tenglashtirilgan vakolatxonalarga rasmiy foydalanish uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiya qilayotgan yuridik shaxslar — belgilangan shaklda rasmiylashtirilgan hisobvaraq-fakturalarning nusxalarini;
3) “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlarni qayta ishlash boʻyicha ishlar bajarayotgan, xizmatlar koʻrsatayotgan, shuningdek chet el yuklarini Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tashish (tranzit tashish) boʻyicha xizmatlar koʻrsatayotgan yuridik shaxslar:
