227-modda. Hisobga olinadigan soliq summasi hisobot davrida hisoblab chiqarilgan soliq summasidan oshib ketgan taqdirda, budjet bilan oʻzaro munosabatlar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq toʻlovchining boshqa soliqlar boʻyicha qarzi mavjud boʻlmagan taqdirda, qoʻshilgan qiymat soligʻining ortiqcha toʻlangan summasi ushbu Kodeksning 10-bobiga muvofiq soliq toʻlovchiga qaytariladi.
Hisobga olinadigan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasining hisobot davri uchun hisoblab chiqarilgan soliq summasidan ortgan summasi, agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha kelgusi toʻlovlar hisobiga oʻtkaziladi.
Hisobga olinadigan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasining soliq davri yakunlariga koʻra hisoblangan soliq summasidan ortiqchaligi saqlanib qolgan taqdirda, ushbu ortiqcha summa keyingi soliq davriga oʻtkaziladi va qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha kelgusi toʻlovlar hisobiga oʻtkaziladi.
Nol darajali stavka boʻyicha soliq solinadigan oborot hisobidan hosil boʻlgan qoʻshilgan qiymat soligʻining ortiqcha summasi quyidagi ketma-ketlikda qaytariladi:
ushbu Kodeksning 207-moddasiga muvofiq toʻlanishi lozim boʻlgan qoʻshilgan qiymat soligʻining summasi qoplanadi;
soliq toʻlovchining boshqa soliqlar boʻyicha mavjud soliq qarzi qoplanadi;
soliq toʻlovchining bank hisobvaragʻiga pul mablagʻlari oʻtkaziladi.
Ushbu Kodeksning 207-moddasiga muvofiq toʻlanishi lozim boʻlgan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini qoplash yoki soliq toʻlovchining boshqa soliqlar boʻyicha mavjud soliq qarzini qoplash ushbu Kodeksning 56-moddasida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Mazkur moddaning beshinchi qismiga muvofiq qaytarilgandan keyin saqlanib qolgan nol darajali stavka boʻyicha soliq solinadigan oborot hisobidan hosil boʻlgan qoʻshilgan qiymat soligʻining ortiqcha summasi soliq toʻlovchining yozma arizasi asosida uning bank hisobvaragʻiga, agar mazkur ariza ortiqcha summa hosil boʻlgan hisobot davri tugaganidan keyin oʻn ikki oydan kechiktirilmagan muddatda taqdim etilgan boʻlsa, ushbu Kodeksning 228-moddasida belgilangan tartibda qaytarilishi mumkin.
