230-modda. Soliq solish obyekti
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Quyidagi operatsiyalar aksiz soligʻi solinadigan obyektdir:
1) aksiz toʻlanadigan tovarlarni realizatsiya qilish, shu jumladan:
tovarni sotish (joʻnatish);
garov bilan taʼminlangan majburiyat bajarilmagan taqdirda, garovga qoʻyilgan aksiz toʻlanadigan tovarlarni garovga qoʻyuvchi tomonidan topshirish;
aksiz toʻlanadigan tovarlarni bepul topshirish;
aksiz toʻlanadigan tovarlarni ish beruvchi tomonidan ish haqi hisobiga yollangan xodimga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda topshirish yoki hisoblangan dividendlar hisobiga yuridik shaxsning muassisiga (ishtirokchisiga) topshirish;
aksiz toʻlanadigan tovarlarni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda boshqa tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) ayirboshlash uchun topshirish;
2) aksiz toʻlanadigan tovarlarni yuridik shaxsning ustav fondiga (ustav kapitaliga) hissa yoki pay badali tariqasida yoxud oddiy shirkat shartnomasi boʻyicha sherikning (ishtirokchining) hissasi sifatida topshirish;
3) aksiz toʻlanadigan tovarlarni yuridik shaxsning ishtirokchisiga (muassisiga) u yuridik shaxs tarkibidan chiqqan (chiqib ketgan) taqdirda yoki yuridik shaxs qayta tashkil etilganligi, tugatilganligi (bankrotligi) munosabati bilan topshirish, shuningdek oddiy shirkat shartnomasi doirasida ishlab chiqarilgan aksiz toʻlanadigan tovarlarni mazkur shartnoma sherigiga (ishtirokchisiga) uning shartnoma ishtirokchilari umumiy mulkidagi mol-mulkdan ulushi ajratib berilgan yoki bunday mol-mulk taqsimlangan taqdirda topshirish;
4) aksiz toʻlanadigan tovarlarni ulush qoʻshish asosida qayta ishlashga topshirish, shuningdek ulush qoʻshish asosida xom ashyo va materiallarni, shu jumladan aksiz toʻlanadigan xom ashyo va materiallarni qayta ishlash mahsuli boʻlgan aksiz toʻlanadigan tovarlarni ishlab chiqaruvchi tomonidan qayta ishlashga berilgan xom ashyo va materiallarning mulkdoriga topshirish;
5) ishlab chiqarilgan va (yoki) qazib olingan aksiz toʻlanadigan tovarlarni oʻz ehtiyojlari uchun topshirish;
6) aksiz toʻlanadigan tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga import qilish.
7) benzin, dizel yoqilgʻisi va gazni yakuniy isteʼmolchilarga realizatsiya qilish yoki ulardan oʻz ehtiyojlari uchun foydalanish, bundan ixtisoslashtirilgan gaz taʼminoti korxonalari orqali aholiga maishiy ehtiyojlar uchun realizatsiya qilinadigan suyultirilgan gaz mustasno;
