41-modda. Hisob hujjatlari. Hisob hujjatlarini tuzish va saqlash
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Hisob hujjatlari soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bogʻliq obyektlarni aniqlash, shuningdek soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqarish uchun asos boʻlgan birlamchi hujjatlar, buxgalteriya hisobi registrlari hamda boshqa hujjatlardan iboratdir.
Hisob hujjatlari qogʻozda va (yoki) elektron shaklda tuziladi hamda ushbu Kodeksning 38-moddasida belgilangan soliq majburiyati boʻyicha daʼvo qilish muddati tugaguniga qadar saqlanadi.
Yuridik shaxs qayta tashkil etilganda qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning hisob hujjatlarini saqlash majburiyatlari uning huquqiy vorisi zimmasiga yuklatiladi.
Yuridik shaxs tugatilganda hisob hujjatlari tegishli davlat arxiviga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda topshiriladi.
