42-modda. Alohida-alohida hisob va uni yuritish qoidalari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Ushbu Kodeksda soliq solishning turli tartibi nazarda tutilgan faoliyat turlarini amalga oshirayotgan soliq toʻlovchilar soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bogʻliq obyektlarning alohida-alohida hisobini yuritishlari shart.
Soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bogʻliq obyektlarning alohida-alohida hisobi soliq toʻlovchilar tomonidan buxgalteriya hisobi maʼlumotlari asosida yuritiladi.
Faoliyatning muayyan turiga taalluqli barcha daromadlar va xarajatlar tegishli hisob hujjatlari bilan tasdiqlanishi kerak.
Soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bogʻliq obyektlarning alohida-alohida hisobi mutanosib usul yoki toʻgʻridan-toʻgʻri hisobga olish usuli orqali yuritilishi mumkin.
Soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bogʻliq obyektlarning alohida-alohida hisobini yuritish usuli yuridik shaxsning butun kalendar yilga moʻljallangan hisob siyosati bilan belgilanadi hamda yil mobaynida oʻzgartirilishi mumkin emas.
Hisobga olishning mutanosib usulida daromadlar, xarajatlar va soliq solishning boshqa obyektlari yoki soliq solish bilan bogʻliq obyektlar realizatsiya qilishdan olingan sof tushumning umumiy summasidagi faoliyatning muayyan turlari boʻyicha realizatsiya qilishdan olingan sof tushum ulushiga mutanosib tarzda shu muayyan faoliyat turiga kiritiladi.
Toʻgʻridan-toʻgʻri hisobga olish usuli qoʻllanilganda daromadlar, xarajatlar va soliq solishning boshqa obyektlari yoki soliq solish bilan bogʻliq obyektlar faoliyatning qaysi turi amalga oshirilishi bilan bogʻliq boʻlsa, shu turga kiritiladi. Bunda faoliyatning biron turiga kiritish mumkin boʻlmagan daromadlar, xarajatlar va soliq solishning boshqa obyektlari yoki soliq solish bilan bogʻliq obyektlar hisobga olishning mutanosib usuli orqali faoliyatning muayyan turiga kiritiladi.
