232-modda. Soliq solinadigan baza
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Aksiz soligʻining stavkalari mutlaq summada (qatʼiy) belgilangan aksiz toʻlanadigan tovarlar boʻyicha soliq solinadigan baza aksiz toʻlanadigan tovarlarning naturada ifodalangan hajmi asosida aniqlanadi.
Aksiz soligʻining stavkalari foizlarda (advalor) belgilangan ishlab chiqarilayotgan aksiz toʻlanadigan tovarlar boʻyicha, agar ushbu moddaning uchinchi va toʻrtinchi qismlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, realizatsiya qilingan aksiz toʻlanadigan tovarlarning aksiz soligʻi hamda qoʻshilgan qiymat soligʻi kiritilmagan qiymati soliq solinadigan bazadir.
Ish haqi hisobiga, hisoblab chiqarilgan dividendlar hisobiga, bepul yoki boshqa tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) ayirboshlash uchun beriladigan aksiz toʻlanadigan tovarlar boʻyicha, shuningdek tovarlar tannarxidan past narxlarda realizatsiya qilingan taqdirda soliq toʻlovchi tovarlarni topshirish paytida uning haqiqiy tannarxidan kam boʻlmagan darajada belgilaydigan narx asosida hisoblangan qiymat soliq solinadigan bazadir.
Qayta ishlashga berilgan xom ashyo va materiallardan ishlab chiqarilgan aksiz toʻlanadigan tovarlar boʻyicha soliq solinadigan baza aksiz toʻlanadigan tovarlarni ishlab chiqarishga doir ishlar qiymatini hamda qayta ishlashga berilgan xom ashyo va materiallar qiymatini oʻz ichiga oladi.
Qatʼiy va advalor stavkalardan tashkil topgan aralash stavkalar belgilangan, aksiz soligʻi toʻlanadigan tovarlar boʻyicha soliq solinadigan baza aksiz toʻlanadigan tovarlarning natura holidagi hajmidan hamda (agar ushbu moddaning uchinchi va toʻrtinchi qismlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa) realizatsiya qilingan, aksiz toʻlanadigan tovarlarning aksiz soligʻi va qoʻshilgan qiymat soligʻi kiritilmagan qiymatidan kelib chiqib aniqlanadi.
Aksiz soligʻining stavkalari foizlarda (advalor) belgilangan import qilinayotgan aksiz toʻlanadigan tovarlar boʻyicha soliq solinadigan baza bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq aniqlanadigan bojxona qiymati asosida belgilanadi.
Aksiz soligʻini, qoʻshilgan qiymat soligʻini va mobil aloqa xizmatlari koʻrsatuvchi yuridik shaxslar (aloqa kompaniyalari) tomonidan toʻlanadigan abonent raqamidan foydalanganlik uchun toʻlovni oʻz ichiga olmaydigan, aksiz toʻlangan holda koʻrsatilgan xizmatlarning qiymati aksiz toʻlanadigan xizmatlar boʻyicha soliq solish bazasi hisoblanadi.
Benzinni, dizel yoqilgʻisini va gazni yakuniy isteʼmolchilarga realizatsiya qilish chogʻida realizatsiya qilingan hamda shaxsiy ehtiyojlar uchun foydalanilgan benzin, dizel yoqilgʻisi va gazning natural holida ifodalangan hajmi soliq solinadigan baza hisoblanadi.
