233-modda. Soliq solinadigan bazaga tuzatish kiritish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq solinadigan bazaga quyidagi hollarda soliq toʻlovchida tuzatish kiritiladi:
tovarlar toʻliq yoki qisman qaytarilganda;
bitim shartlari oʻzgartirilganda;
baholar oʻzgarganda, sotib oluvchi siylovdan (skidkadan) foydalanganda.
Soliq solinadigan bazaga ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan tuzatishni kiritish bir yillik muddat doirasida, kafolat muddati belgilangan tovarlar boʻyicha esa kafolat muddati doirasida amalga oshiriladi.
Soliq solinadigan bazaga tuzatish kiritish ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlariga muvofiq yangi hisobvaraq-faktura yoki ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan hol yuz berganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar asosida amalga oshiriladi.
Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olinadigan daromadga ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan hollarda tuzatish kiritish koʻrsatilgan hollar yuz bergan soliq davrida amalga oshiriladi.
