177-modda. Moddiy naf tarzidagi daromadlar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq toʻlovchi tomonidan yuridik shaxsdan moddiy naf tarzida olingan daromadlar, agar ushbu Kodeks 171-moddasining ikkinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, quyidagilardir;
1) yuridik shaxs tomonidan jismoniy shaxs manfaatlarini koʻzlab, tovarlar (ishlar, xizmatlar) haqini, mulkiy huquqlarni toʻlash, shu jumladan:
jismoniy shaxslarning bolalarini maktabgacha taʼlim muassasalarida oʻqitish, tarbiyalash;
kommunal xizmatlar, xodimlarga berilgan uy-joy haqini, uy-joydan foydalanish xarajatlari haqini, yotoqxonadagi joylar haqini yoki ularning oʻrnini qoplash qiymatini toʻlash;
sanatoriy-kurortlarda davolanish yoʻllanmalari qiymatini, dam olish, statsionar va ambulatoriyaga qatnab davolanish haqini yoki ularning oʻrnini qoplash qiymatini toʻlash;
yuridik shaxsning jismoniy shaxs daromadi boʻlgan boshqa xarajatlari;
2) soliq toʻlovchining manfaatlarini koʻzlab tekinga, shu jumladan hadya shartnomasi asosida berilgan mol-mulk, bajarilgan ishlar va koʻrsatilgan xizmatlar qiymati;
3) tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) xodimlarga realizatsiya qilinadigan narxi va shu tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlariga muvofiq hisoblab chiqarilgan qiymati oʻrtasidagi salbiy tafovut;
4) qonun hujjatlariga muvofiq xodimlarga temir yoʻl, aviatsiya, daryo, avtomobil transporti va shahar elektr transportida yurish boʻyicha beriladigan imtiyozlar summasi;
5) jismoniy shaxsning yuridik shaxs oldidagi qarzining yuridik shaxs qarori bilan hisobdan chiqarilgan summalari;
6) ish beruvchi tomonidan toʻlovlar hisobiga toʻlanib, xodimdan ushlab qolinishi lozim boʻlgan, lekin ushlab qolinmagan summalar.
Soliq toʻlovchi yuridik shaxsdan tovarlar (ishlar, xizmatlar) olgan taqdirda, ushbu tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymati ularni olish narxidan yoki tannarxidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Jismoniy shaxs yuridik shaxsdan aksiz toʻlanadigan tovarlar yoki qoʻshilgan qiymat soligʻi solinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) olsa, bunday tovarlar (ishlar, xizmatlar) qiymatida aksiz soligʻining va qoʻshilgan qiymat soligʻining tegishli summasi hisobga olinadi.
