263-modda. Soliqni hisoblab chiqarish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq summasi soliq solinadigan bazadan va belgilangan stavkalardan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi.
Yuridik shaxs tashkil etgan va tashkil etmagan holda tuzilgan dehqon xoʻjaliklari uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq summasi davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq solinadigan bazadan va belgilangan stavkalardan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqning hisob-kitobi suvdan foydalanish yoki suv isteʼmoli joyidagi davlat soliq xizmati organlariga quyidagilar tomonidan yiliga bir marta taqdim etiladi:
yuridik shaxslar tomonidan (qishloq xoʻjaligi korxonalari bundan mustasno) — yillik moliyaviy hisobot taqdim etiladigan muddatda;
yagona yer soligʻini toʻlashga oʻtmagan qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan — joriy soliq davrining 15-dekabrigacha;
Oʻzbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan — soliq davridan keyingi yilning 25-yanvarigacha.
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq toʻlash toʻgʻrisidagi toʻlov xabarnomasi yuridik shaxs tashkil etgan va tashkil etmagan holda tuzilgan dehqon xoʻjaliklariga davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq davridan keyingi yilning 1-fevralidan kechiktirmay topshiriladi.
