264-modda. Soliq toʻlash tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq davri mobaynida soliq toʻlovchilar suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq boʻyicha joriy toʻlovlarni toʻlaydilar, bundan yagona yer soligʻini toʻlashga oʻtmagan qishloq xoʻjaligi korxonalari, Oʻzbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari, shuningdek yuridik shaxs tashkil etgan va tashkil etmagan holda tuzilgan dehqon xoʻjaliklari mustasno.
Joriy toʻlovlar miqdorini hisoblab chiqarish uchun soliq toʻlovchilar joriy soliq davrining 25-yanvarigacha, yangi tashkil qilinganlari esa davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan eʼtiboran oʻttiz kundan kechiktirmay, suvdan foydalanish yoki suv isteʼmoli joyidagi davlat soliq xizmati organlariga moʻljallanayotgan soliq solinadigan bazadan (foydalaniladigan suv hajmidan) va suv resurslaridan foydalanganlik uchun belgilangan soliq stavkalaridan kelib chiqqan holda hisoblangan joriy soliq davrida suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq summasi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani taqdim etadilar. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq boʻyicha majburiyatlari soliq davri mobaynida yuzaga kelgan soliq toʻlovchilar suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq summasi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani soliq majburiyati yuzaga kelgan sanadan eʼtiboran oʻttiz kundan kechiktirmay taqdim etadilar.
Ushbu moddaning ikkinchi qismiga muvofiq hisoblab chiqarilgan joriy toʻlovlar quyidagicha toʻlanadi:
soliq davrida suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq summasi bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan koʻpni tashkil etadigan yuridik shaxslar tomonidan (mikrofirmalar va kichik korxonalar bundan mustasno) — har oyning 25-kunidan kechiktirmay suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq yillik summasining oʻn ikkidan bir qismi miqdorida;
soliq davrida suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq summasi bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan kamni tashkil etadigan mikrofirmalar va kichik korxonalar jumlasiga kirmaydigan yuridik shaxslar, shuningdek mikrofirmalar, kichik korxonalar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan — yilning har choragi uchinchi oyining 25-kunidan kechiktirmay suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq yillik summasining toʻrtdan bir qismi miqdorida.
Soliq davri mobaynida moʻljallanayotgan soliq solinadigan baza oʻzgargan taqdirda, soliq toʻlovchi suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq summasi toʻgʻrisida aniqlashtirilgan maʼlumotnoma taqdim etishga haqli. Bunda soliq davrining qolgan qismi uchun joriy toʻlovlarga suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqning oʻzgarish summasiga teng ulushlarda tuzatish kiritiladi.
