174-modda. Kompensatsiya toʻlovlari (kompensatsiya)
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Mehnatga haq toʻlash tarzida daromadga kiritiladigan kompensatsiya toʻlovlari (kompensatsiyalar) jumlasiga quyidagilar kiradi:
1) tabiiy-iqlim sharoitlari noqulay boʻlgan joylardagi ishlar bilan bogʻliq qoʻshimcha toʻlovlar (ish staji uchun ustamalar, baland togʻli, choʻl va suvsiz hududlarda ishlaganlik uchun belgilangan koeffitsiyentlar boʻyicha toʻlovlar). Bunda yuridik shaxslar xodimlarining choʻl va suvsiz joylarda, baland togʻli va tabiiy-iqlim sharoiti noqulay hududlarda ishlaganlik uchun ish haqiga koeffitsiyentlar hisoblashning eng yuqori summasi hisoblash sanasidagi holatga koʻra belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 1,41 baravari miqdorida belgilanadi;
2) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan kasblar va ishlar roʻyxati boʻyicha ogʻir, zararli, oʻta zararli mehnat sharoitlarida ishlaganlik uchun ustamalar, shu jumladan shunday sharoitlardagi uzluksiz ish staji uchun ish haqiga ustamalar;
3) texnologik jarayon jadvalida nazarda tutilgan tungi vaqtda, ish vaqtidan tashqari, dam olish kunlarida va bayram (ishlanmaydigan) kunlarida ishlaganlik uchun tarif stavkalariga hamda maoshlarga ustamalar va qoʻshimcha toʻlovlar;
4) koʻp smenali rejimda ishlaganlik, shuningdek bir necha kasbda, lavozimda ishlaganlik, xizmat koʻrsatish doirasi kengayganligi, bajariladigan ishlar hajmi ortganligi, oʻzining asosiy ishi bilan bir qatorda ishda vaqtincha boʻlmagan xodimlarning vazifalarini bajarganlik uchun ustamalar;
5) doimiy ishi yoʻlda kechadigan, harakatlanish va (yoki) qatnov tusiga ega boʻlgan xodimlarning, shuningdek doimiy ishi ishlarni vaxta usulida bajarilishini nazarda tutadigan xodimlarning ish haqiga qonun hujjatlarida belgilangan normalardan ortiqcha toʻlanadigan ustamalar;
6) yuridik shaxs joylashgan yerdan (yigʻilish punktidan) ishlash joyigacha va orqaga qaytish uchun vaxtada ishlash jadvalida nazarda tutilgan ishlar vaxta usulida bajarilgan taqdirda yoʻlga ketadigan kunlar, shuningdek xodimlar meteorologik sharoitlar sababli va transport tashkilotlarining aybi bilan yoʻlda ushlanib qolgan kunlar uchun tarif stavkasi, maosh miqdorida toʻlanadigan summalar;
7) yer osti ishlarida doimiy band boʻlgan xodimlarga ularning stvoldan ishlash joyiga borish va u yerdan qaytish uchun shaxtada (konda) harakatlanishining meʼyoriy vaqti uchun toʻlanadigan qoʻshimcha haqlar;
8) qonun hujjatlarida belgilangan normalardan ortiqcha dala taʼminoti;
