175-modda. Ishlanmagan vaqt uchun haq toʻlash
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Ishlanmagan vaqt uchun haq toʻlashga quyidagilar kiradi:
1) qonun hujjatlariga muvofiq:
a) yillik asosiy (uzaytirilgan asosiy) taʼtilga haq toʻlash, shuningdek ushbu taʼtildan foydalanilmaganda, shu jumladan xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda pullik kompensatsiya toʻlash;
b) noqulay va oʻziga xos mehnat sharoitlarida, shuningdek ogʻir va noqulay tabiiy-iqlim sharoitlarida ishlaganligi uchun ayrim tarmoqlarning xodimlariga beriladigan qoʻshimcha taʼtilga haq toʻlash;
v) oʻqish bilan bogʻliq taʼtilga va ijodiy taʼtillarga haq toʻlash;
g) oʻn ikki yoshga toʻlmagan ikki va undan ortiq bolasi yoki oʻn olti yoshga toʻlmagan nogiron bolasi bor ayollarga berilgan qoʻshimcha taʼtilga haq toʻlash;
2) asosiy ish haqi qisman saqlanib qolgan holda majburiy taʼtilda boʻlgan xodimlarga beriladigan toʻlovlar;
3) donor xodimlarga koʻrikdan oʻtish, qon topshirish va qon topshirilgan har bir kundan keyin beriladigan dam olish kunlari uchun haq toʻlash;
4) Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga muvofiq davlat yoki jamoat vazifalarini bajarganlik uchun mehnatga haq toʻlash;
5) qishloq xoʻjaligi va boshqa ishlarga jalb qilinadigan xodimlarning asosiy ish joyi boʻyicha saqlab qolinadigan ish haqi;
6) boshqa yuridik shaxslardan avvalgi ish joyida lavozim boʻyicha maoshi miqdorlari maʼlum bir muddat davomida saqlab qolingan holda ishga olingan, shuningdek vaqtinchalik vazifani bajarib turganda xodimlarga maoshdagi farqni toʻlash;
7) yuridik shaxslarning xodimlariga kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimida ishdan ajralgan holda oʻqishlari vaqtida asosiy ish joyi boʻyicha ularga toʻlanadigan ish haqi;
8) xodimning aybisiz bekor turib qolingan vaqt uchun haq toʻlash;
9) mehnat layoqatini vaqtincha yoʻqotgan xodimlarga qoʻshimcha haq toʻlash;
10) qonun hujjatlariga muvofiq yoki yuridik shaxsning qarori bilan majburiy progul vaqti yoki kam haq toʻlanadigan ishni bajarganlik uchun haq toʻlash;
11) oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarning imtiyozli soatlariga, onalarga bolani ovqatlantirishi uchun ishda beriladigan tanaffuslarga, shuningdek tibbiy koʻrikdan oʻtish bilan bogʻliq vaqt uchun haq toʻlash;
12) yuridik shaxslarning asosiy ishidan ozod qilingan va ozod qilinmagan holda xodimlar tayyorlash, ularni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish uchun hamda oʻquvchilar va talabalarning ishlab chiqarish amaliyotiga rahbarlik qilish uchun jalb qilinadigan yuqori malakali xodimlari mehnatiga haq toʻlash;
