342-modda. Davlat bojini qaytarish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Davlat boji quyidagi hollarda toʻliq yoki qisman qaytarilishi kerak:
1) davlat boji qonun hujjatlarida talab qilinganidan ortiqcha miqdorda toʻlanganida;
2) sud daʼvo arizasini (arizani, shikoyatni) qaytarganda yoki qabul qilishni rad etganda, shuningdek davlat notarial idoralari notarial harakatlarni amalga oshirishni rad etganda;
3) apellyatsiya, kassatsiya va nazorat shikoyati qaytarilganda yoki uni qabul qilish rad etilganda;
31) davlat boji toʻlangan daʼvo arizasi (ariza, shikoyat) yoki apellyatsiya, kassatsiya va nazorat shikoyati sudga kelib tushmaganda;
4) agar ish sudga taalluqli boʻlmasa, ishni yuritish tugatilganda;
5) ariza koʻrmasdan qoldirilganda, agar u muomalaga layoqatsiz shaxs tomonidan berilgan boʻlsa;
51) sudning yoki hakamlik sudining ish yurituvida ayni bir taraflar oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan ish mavjud boʻlsa, ariza koʻrmasdan qoldirilganda;
52) agar taraflar oʻrtasida nizoni hal qilish uchun hakamlik sudiga topshirish toʻgʻrisida hakamlik bitimi tuzilgan boʻlsa, ariza koʻrmasdan qoldirilganda;
53) agar taraflar oʻrtasida mediativ kelishuv tuzilgan boʻlsa, ariza koʻrmasdan qoldirilganda;
6) ishda qatnashgan shaxs vafot etganida, agar nizoli huquqiy munosabat huquqiy vorislikka yoʻl qoʻymasa;
7) daʼvogar nizoni sudga qadar hal etish (pretenziya bildirish) tartibiga rioya etmaganida, agar bu hol qonunda ushbu toifadagi nizolar uchun yoki taraflarning shartnomasida nazarda tutilgan hamda bunday hal etish imkoniyati boy berilgan boʻlsa;
8) voyaga yetmagan bolalari boʻlmagan er-xotinning nikohi oʻzaro rozilik asosida bekor qilinganligini qayd etish uchun davlat boji toʻlanganda, agar er-xotinning yarashishi yoki ulardan birining sudga kelmaganligi tufayli nikohni bekor qilish amalga oshirilmagan boʻlsa;
9) agar ishda qatnashayotgan yuridik shaxs tugatilgan boʻlsa;
10) sud buyrugʻi chiqarish toʻgʻrisidagi arizani qabul qilish rad etilganda;
11) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga chet elga chiqish huquqi uchun hujjat berish rad etilganda.
Davlat boji Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan boshqa hollarda ham toʻliq yoki qisman qaytarilishi mumkin.
Davlat boji summalarini qaytarish toʻlovchining yozma arizasiga binoan yoki sudning hal qiluv qarorlari asosida amalga oshiriladi. Davlat boji summasini qaytarish uchun arizachi davlat bojini undirgan tegishli davlat organiga yoki tashkilotga murojaat qilishi kerak. Davlat bojini undirgan davlat organi yoki tashkilotning rahbari uni qaytarish qonuniyligini tasdiqlagan taqdirda, davlat organi yoki tashkilot va davlat bojining boshqa oluvchilari ilgari oʻz hisobvaraqlariga oʻtkazilgan davlat boji summalarining tegishli qismlarini qonun hujjatlariga muvofiq qaytaradilar. Oʻz navbatida, davlat organi yoki tashkilot qaytarilishi lozim boʻlgan, ilgari davlat budjeti daromadiga oʻtkazilgan davlat boji summasining bir qismini qaytarish toʻgʻrisida davlat soliq xizmati organiga yozma shaklda xabar yuboradi.
