376-modda. Umumiy qoidalar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb qiluvchi va qonun hujjatlarida tasdiqlanadigan roʻyxat boʻyicha mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yuridik shaxslar uchun ayrim soliqlar hamda boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlarni qoʻllashning oʻziga xos xususiyatlari nazarda tutiladi. Toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy xorijiy investitsiyalar deyilganda chet davlatning fuqarolari boʻlgan jismoniy shaxslar, Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida doimiy ravishda yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, shuningdek xorijiy nodavlat yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan investitsiyalar tushuniladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan yuridik shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq kiritilgan investitsiya hajmidan kelib chiqqan holda yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻini, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni, yagona soliq toʻlovini toʻlashdan muayyan muddatga ozod qilinadilar.
