377-modda. Imtiyozlarning qoʻllanilish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Ushbu Kodeks 376-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlar quyidagi hollarda qoʻllaniladi:
yuridik shaxslar qonun hujjatlarida belgilanadigan hududlarda joylashtirilganda;
chet ellik investorlar tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy xorijiy investitsiyalar Oʻzbekiston Respublikasining kafolati berilmagan holda amalga oshirilganda;
yuridik shaxslarning ustav fondida (ustav kapitalida) xorijiy ishtirokchilarning ulushi kamida 33 foiz, aksiyadorlik jamiyatlari uchun esa kamida 15 foiz boʻlganda;
xorijiy investitsiyalar erkin almashtiriladigan valyuta yoki yangi zamonaviy texnologik asbob-uskuna tarzida kiritilganda;
soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlar berilganligi natijasida ularning qoʻllanilishi muddati mobaynida olingan daromadlarning kamida 50 foizi yuridik shaxsni yanada rivojlantirish maqsadida qayta investitsiyalashga yoʻnaltirilganda.
Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha ushbu Kodeks 376-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan imtiyozlarni olgan toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi yuridik shaxs imtiyozlar berilgan muddat tugaganidan keyin bir yil oʻtmasdan faoliyatini tugatgan taqdirda, chet ellik investorning foydasini oʻz mamlakatiga oʻtkazish va kapitalini chet elga olib chiqib ketish faqat soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha berilgan imtiyozlarning summalari budjetga undirilganidan keyin amalga oshiriladi.
Ushbu bobda nazarda tutilgan shartlarga nomuvofiqlik aniqlangan taqdirda, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha ushbu Kodeks 376-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan imtiyozlarni olgan toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi yuridik shaxs belgilangan talablarga muvofiq boʻlmagan davr uchun soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar ushbu Kodeksning IV boʻlimida nazarda tutilgan moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilgan holda umumbelgilangan tartibda toʻlanadi.
