157-modda. Oddiy shirkat shartnomasi sheriklariga (ishtirokchilariga) soliq solish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Ushbu Kodeksning 380 va 381-moddalarida belgilangan tartibda aniqlanadigan, oddiy shirkat shartnomasi boʻyicha birgalikdagi faoliyatda ishtirok etishdan olinadigan daromad boshqa daromadlar tarkibida jami daromadga kiritiladi va unga ushbu boʻlimga muvofiq yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi solinishi lozim.
Oddiy shirkat shartnomasining amal qilishi tugatilganda va mol-mulk ushbu shartnoma sheriklariga (ishtirokchilariga) qaytarilganda:
oddiy shirkat shartnomasi sherigi (ishtirokchisi) yoki uning huquqiy vorisi tomonidan qoʻyilma doirasida olingan mol-mulk va mulkiy huquqlar tarzidagi tushumlar, uning ulushi shartnoma sheriklarining (ishtirokchilarining) umumiy mulkidagi mol-mulkdan ajratilgan yoki bunday mol-mulk boʻlingan taqdirda, oddiy shirkat sherigining (ishtirokchisining) daromadlari tarkibiga kiritilmaydi;
qaytarilayotgan mol-mulk qiymati bilan bu mol-mulkning ilgari oddiy shirkat shartnomasi boʻyicha topshirilgan qiymati oʻrtasidagi salbiy farq soliq solish maqsadlari uchun zarar deb eʼtirof etilmaydi va yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻini hisoblab chiqarishda soliq solinadigan bazani kamaytirmaydi.
