354-modda. Maxsus qoidalar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Umumbelgilangan soliqlarni toʻlashga oʻtgan yagona soliq toʻlovini toʻlovchilar, agar ushbu moddaning ikkinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, kamida oʻn ikki oydan soʻng yagona soliq toʻlovini toʻlashga qayta oʻtishga haqlidir.
Ushbu Kodeks 351-moddasining beshinchi qismida koʻrsatilgan soliq toʻlovchilar, agar joriy soliq davri yakunlariga olingan yalpi tushumi belgilangan chegaraviy miqdordan oshmasa, keyingi soliq davridan boshlab yagona soliq toʻlovini toʻlashga qayta oʻtishga haqlidir.
Yagona soliq toʻlovini toʻlashdan umumbelgilangan soliqlarni toʻlashga oʻtgan soliq toʻlovchilar umumbelgilangan soliqlarni toʻlashga oʻtgan birinchi chorak uchun foyda soligʻi boʻyicha joriy toʻlovlarni toʻlashdan ozod qilinadi.
Agar yagona soliq toʻlovini toʻlovchilar ushbu Kodeksning 199-moddasiga muvofiq qoʻshilgan qiymat soligʻi solinadigan oborotni amalga oshirsa, qoʻshilgan qiymat soligʻini ixtiyoriy asosda toʻlashi mumkin. Yuridik shaxslar qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashga oʻtish uchun hisobot davri boshlanishidan kamida bir oy oldin, yangi tashkil etilgan yuridik shaxslar esa oʻz faoliyatini amalga oshirishni boshlaguniga qadar soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organiga yozma bildirish taqdim etadi.
Qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashni yagona soliq toʻlovini toʻlovchilar tomonidan rad etish soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organiga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilangan shaklda, keyingi soliq davri boshlanguniga qadar bir oydan kechiktirmay taqdim etiladigan yozma bildirish asosida, faqat navbatdagi soliq davrining boshidan eʼtiboran amalga oshirilishi mumkin.
Qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlash ushbu Kodeksning VII boʻlimida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
