355-modda. Soliq solish obyekti
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Yalpi tushum soliq solish obyektidir.
Soliq solish maqsadida yalpi tushum tarkibiga quyidagilar kiritiladi:
1) tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) qoʻshilgan qiymat soligʻini, va aksiz soligʻini chegirgan holda (ushbu soliqlarni toʻlaydigan soliq toʻlovchilar uchun) realizatsiya qilishdan tushgan tushum.
Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan tushgan tushum deganda quyidagilar tushuniladi:
qurilish, qurilish-montaj, taʼmirlash-qurilish, ishga tushirish-sozlash, loyiha-qidiruv va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari uchun — oʻz kuchlari bilan bajarilgan, tegishincha qurilish, qurilish-montaj, taʼmirlash-qurilish, ishga tushirish-sozlash, loyiha-qidiruv va ilmiy-tadqiqot ishlarini realizatsiya qilishdan tushgan tushum. Bunda, agar yuqorida qayd etilgan ishlarni materiallar bilan taʼminlash majburiyati shartnomaga binoan buyurtmachining zimmasida boʻlsa, ushbu materiallarga boʻlgan mulk huquqi buyurtmachining oʻzida saqlanib qolgan taqdirda, oʻz kuchlari bilan bajarilgan ishlarni realizatsiya qilishdan olinadigan tushum bajarilgan hamda tasdiqlangan ishlarning buyurtmachi materiallarining qiymati kiritilmagan holdagi qiymati sifatida belgilanadi;
savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari uchun — tovar oboroti;
mol-mulkni moliyaviy ijaraga (lizingga) beruvchi yuridik shaxslar uchun — moliyaviy ijara (lizing) boʻyicha foizli daromad summasi;
vositachilik va topshiriq shartnomalari hamda vositachilik xizmatlari koʻrsatishga oid boshqa shartnomalar boʻyicha vositachilik xizmatlari koʻrsatadigan yuridik shaxslar uchun — koʻrsatilgan xizmatlar uchun haq summasi;
lotereya oʻyinlarini tashkil etish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish doirasida yuridik shaxslar uchun — oʻyin chiptalarini ularda koʻrsatilgan narx boʻyicha tarqatishdan tushgan tushum;
tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) tannarxidan yoki olish bahosidan past baholarda (tovarni olish bilan bogʻliq xarajatlarni hisobga olgan holda) realizatsiya qiluvchi, shuningdek tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) tekin beruvchi yuridik shaxslar uchun — agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) tannarxi yoki ularni olish bahosi (tovarni olish bilan bogʻliq xarajatlarni hisobga olgan holda). Bunda baholari (tariflari) davlat tomonidan tartibga solinishi nazarda tutilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun realizatsiya qilishdan olinadigan tushum belgilangan baholardan (tariflardan) kelib chiqqan holda aniqlanadi. Oʻzi ishlab chiqargan tovarlarni jahon bozorida haqiqiy vujudga kelgan narxlar boʻyicha, shu jumladan tannarxidan past narxlar boʻyicha eksport qilish masalalarini koʻrib chiquvchi maxsus vakolatli organning qarorlari asosida ushbu tovarlarning tannarxidan past narxlar boʻyicha xorijiy valyutaga eksport qilinganda, soliq solish maqsadida tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushum tovarlarni realizatsiya qilishning haqiqiy bahosidan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Ushbu norma ekologiya, sogʻlomlashtirish hamda xayriya jamgʻarmalariga, madaniyat, sogʻliqni saqlash, mehnat, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport, taʼlim muassasalariga bepul beriladigan tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) nisbatan tatbiq etilmaydi.
