360-modda. Yagona soliq toʻlovini hisoblab chiqarish, uning hisob- kitoblarini taqdim etish va uni toʻlash tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Yagona soliq toʻlovi soliq solinadigan bazadan va belgilangan stavkalardan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi.
Qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilar uchun yagona soliq toʻlovi summasi budjetga toʻlanishi lozim boʻlgan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasiga, lekin yagona soliq toʻlovi summasining 50 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorga kamaytiriladi.
Qoʻshilgan qiymat soligʻini ixtiyoriy ravishda toʻlashga kalendar yil boshidan eʼtiboran oʻtmagan toʻlovchilar yagona soliq toʻlovi summasini qoʻshilgan qiymat soligʻi hisoblab chiqarilgan hisobot davriga toʻgʻri keladigan summaga kamaytiradi.
Yagona soliq toʻlovining hisob-kitobi soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organlariga ortib boruvchi yakun bilan yilning har choragida, hisobot davridan keyingi oyning 25-kunidan kechiktirmay, yil yakunlari boʻyicha esa yillik moliyaviy hisobot topshiriladigan muddatda taqdim etiladi.
Yagona soliq toʻlovi quyidagicha toʻlanadi:
mikrofirmalar va kichik korxonalar tomonidan — hisob-kitobni taqdim etish muddatidan kechiktirmay;
mikrofirmalar va kichik korxonalar jumlasiga kirmaydigan soliq toʻlovchilar tomonidan — har oyda, keyingi oyning 25-kunidan kechiktirmay, yil yakunlari boʻyicha esa yillik moliyaviy hisobot taqdim etiladigan muddatdan kechiktirmay.
