290-modda. Imtiyozlar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Yer soligʻidan quyidagilar ozod qilinadilar:
2) “Oʻzbekiston Qahramoni”, Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni unvonlariga sazovor boʻlgan, uchala darajadagi Shuhrat ordeni bilan taqdirlangan fuqarolar. Mazkur imtiyoz “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni berilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma, Sovet Ittifoqi Qahramoni va Mehnat Qahramoni daftarchalari, orden daftarchasi yoki mudofaa ishlari boʻlimining maʼlumotnomasi asosida beriladi;
3) urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek doirasi qonun hujjatlari bilan belgilanuvchi ularga tenglashtirilgan shaxslar. Mazkur imtiyoz urush nogironining (qatnashchisining) tegishli guvohnomasi yoki mudofaa ishlari boʻlimining yoxud boshqa vakolatli organning maʼlumotnomasi asosida, boshqa nogironlarga (qatnashchilarga) esa nogironning (qatnashchining) imtiyozlarga boʻlgan huquqi toʻgʻrisidagi guvohnoma asosida beriladi;
4) I va II guruh nogironlari. Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining maʼlumotnomasi asosida beriladi;
5) yolgʻiz pensionerlar. Yolgʻiz yoki voyaga yetmagan bolalari bilan yoxud nogiron bolasi bilan alohida uyda birga yashovchi pensionerlar yolgʻiz pensionerlar deb tushuniladi. Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi tuman (shahar) boʻlimining maʼlumotnomasi, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining maʼlumotnomasi asosida beriladi;
6) boquvchisini yoʻqotgan koʻp bolali oilalar. Ota-onasidan biri yoki ota-onasi vafot etgan hamda oilada oʻn olti yoshga toʻlmagan beshta va undan ortiq bolalari boʻlgan oilalar soliq solish maqsadida boquvchisini yoʻqotgan koʻp bolali oilalardir. Mazkur imtiyoz Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi tuman (shahar) boʻlimining maʼlumotnomasi asosida beriladi;
7) Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini tugatishda ishtirok etganlik uchun imtiyozlar oladigan fuqarolar (shu jumladan vaqtincha yuborilgan yoki xizmat safariga yuborilgan fuqarolar. Mazkur imtiyoz tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining maʼlumotnomasi, nogironning maxsus guvohnomasi, Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini tugatish ishtirokchisining guvohnomasi, shuningdek vakolatli organlar tomonidan berilgan va imtiyozlar berish uchun asos boʻladigan boshqa hujjatlar asosida beriladi;
8) energiya resurslarining amaldagi tarmoqlaridan toʻliq uzib qoʻyilgan turar joylarda muqobil energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar — muqobil energiya manbalari oʻrnatilgan oydan eʼtiboran uch yil muddatga. Energiya resurslarining amaldagi tarmoqlaridan toʻliq uzib qoʻyilgan holda muqobil energiya manbalaridan foydalanish toʻgʻrisida energiya taʼminoti tashkilotlari tomonidan berilgan maʼlumotnoma mazkur imtiyozni berish uchun asos boʻladi.
