291-modda. Soliq stavkasini qoʻllashning oʻziga xos xususiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Tadbirkorlik faoliyatida foydalaniladigan yer uchastkalari uchun yoxud uylar, dala hovli imoratlari, yakka tartibdagi garajlar va boshqa imoratlar, inshootlar, joylar yuridik shaxsga yoki yakka tartibdagi tadbirkorga ijaraga berilganda, shuningdek jismoniy shaxslarning mulkida boʻlgan, yashash uchun moʻljallanmagan joylar egallagan yer uchastkalari uchun jismoniy shaxslardan yer soligʻi yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini toʻlash uchun belgilangan stavkalar boʻyicha undiriladi hamda ushbu Kodeksning 290-moddasida koʻrsatilgan imtiyozlar ularga nisbatan tatbiq etilmaydi, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Jismoniy shaxs yoki oilaviy korxona yer uchastkasidan unda joylashgan uyda istiqomat qilish bilan bir vaqtda tovarlar ishlab chiqarish (ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish) uchun foydalangan taqdirda, yer soligʻi jismoniy shaxslar uchun belgilangan stavka boʻyicha toʻlanadi.
Yakka tartibda uy-joy qurish va uylarni obodonlashtirish uchun berilgan yer uchastkalarining tomorqa qismiga qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekish yoki uni obodonlashtirish amalga oshirilmagan taqdirda yer soligʻi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda uch baravar miqdorda toʻlanadi.
