78-modda. Soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami muayyan soliq toʻlovchi hisobga qoʻyilganda unga beriladigan raqamdir.
Soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami muayyan soliq toʻlovchiga bir marta beriladi. Soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami oʻzgarmaydi va bekor qilinganidan keyin boshqa soliq toʻlovchiga berilmaydi.
Ushbu Kodeks 35-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan yuridik shaxsning alohida boʻlinmalariga mazkur alohida boʻlinmani tashkil etgan yuridik shaxsning — soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami nazorat belgilari qoʻshilgan holda beriladi.
Soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami quyidagilarda albatta yozib qoʻyilishi kerak:
yuridik va jismoniy shaxslarning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomada, roʻyxatdan oʻtkazish davlat soliq xizmati organlarida va davlat statistikasi organlarida ularni hisobga qoʻyish bilan bir vaqtda amalga oshiriladi;
faoliyatning ayrim turlari bilan shugʻullanishga doir litsenziyasida;
cheklardan tashqari, pul bilan hisob-kitob qilinadigan toʻlov hujjatlarida, shuningdek ularning elektron shaklida;
davlat soliq xizmati organlariga taqdim etiladigan moliyaviy va soliq hisoboti hujjatlarida;
yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan tuziladigan xoʻjalik, fuqarolik-huquqiy hamda mehnat shartnomalarida;
yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar bitimlar tuzganligini belgilovchi yoki tasdiqlovchi hujjatlarda, shu jumladan hisobvaraq-fakturalar hamda transport hujjatlarida;
yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarda qiymat ifodasiga ega boʻlgan moliyaviy, mulkiy hamda boshqa majburiyatlar yuzaga kelganligini, shuningdek ularning bajarilishini belgilovchi yoki tasdiqlovchi hujjatlarda.
