79-modda. Soliq toʻlovchini hisobga qoʻyish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq toʻlovchi sifatida quyidagilar hisobga qoʻyiladi:
yuridik shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari oʻzlari joylashgan yerdagi (pochta manzilidagi) davlat soliq xizmati organida;
yuridik shaxsning soliq majburiyatini ushbu Kodeks 35-moddasining ikkinchi qismi asosida mustaqil ravishda bajaradigan alohida boʻlinmalari — alohida boʻlinmaning joylashgan yeridagi yoki faoliyatni amalga oshirayotgan joyidagi davlat soliq xizmati organida;
jismoniy shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari jismoniy shaxsning yashash joyidagi davlat soliq xizmati organida;
yuridik shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari — doimiy muassasaning joylashgan yeridagi va (yoki) faoliyatni amalga oshirayotgan joyidagi davlat soliq xizmati organida;
ushbu Kodeksga muvofiq mol-mulk soligʻi va yer soligʻi toʻlovchilar boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari — soliq solish obyekti joylashgan yerdagi davlat soliq xizmati organida.
Soliq toʻlovchida u hisobga qoʻyilganidan keyin yer soligʻi, mol-mulk soligʻi yoki suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq toʻlash boʻyicha majburiyati hisobga qoʻyilgan joydan tashqarida yuzaga kelgan taqdirda, soliq toʻlovchi ushbu Kodeksning 81-moddasiga muvofiq soliq solish obyekti joylashgan yerdagi davlat soliq xizmati organida obyekt boʻyicha hisobga qoʻyilishi kerak.
