80-modda. Soliq toʻlovchini hisobga qoʻyish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Bir vaqtning oʻzida davlat soliq xizmati organlarida va davlat statistikasi organlarida hisobga qoʻyilgan holda davlat roʻyxatidan oʻtkaziladigan yuridik va jismoniy shaxslar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan joyda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hisobga qoʻyilishi kerak.
Yuridik shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari, ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilganlar bundan mustasno, davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida davlat soliq xizmati organiga hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi arizani taqdim etishi shart. Arizaga yuridik shaxs davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjatning koʻchirma nusxasi ilova qilinadi.
Ushbu Kodeks 35-moddasining ikkinchi qismi asosida soliq majburiyatlarini mustaqil ravishda bajaradigan alohida boʻlinmani hisobga qoʻyish uchun mazkur alohida boʻlinmani tashkil etgan yuridik shaxs uni tashkil etish toʻgʻrisida va (yoki) mustaqil balansga ajratish haqida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida davlat soliq xizmati organiga hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi arizani taqdim etishi shart. Arizada mazkur alohida boʻlinmani tashkil etgan yuridik shaxsning — soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami albatta koʻrsatiladi. Arizaga yuridik shaxsning alohida boʻlinmani tashkil etish toʻgʻrisidagi qarori, shuningdek uning rahbariga berilgan ishonchnoma ilova qilinadi.
Jismoniy shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari, mazkur Kodeks ushbu moddasining birinchi qismida koʻrsatilganlar bundan mustasno, soliq solish obyekti vujudga kelgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida ushbu Kodeksga muvofiq davlat soliq xizmati organiga hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi arizani taqdim etishi shart.
Yuridik shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari mazkur faoliyatni amalga oshirish boshlangan kundan eʼtiboran bir yuz sakson uch kundan kechiktirmasdan davlat soliq xizmati organiga doimiy muassasa sifatida hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi arizani taqdim etishi shart. Doimiy muassasa orqali faoliyatni amalga oshirayotgan yuridik shaxsning — Oʻzbekiston Respublikasi norezidentining hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi arizasiga shartnoma yoki yuridik shaxs — Oʻzbekiston Respublikasining norezidenti nomidan Oʻzbekiston Respublikasida ish yuritish uchun berilgan ishonchnoma, shuningdek majburiyatlarining bajarilishi doimiy muassasa tashkil topishiga olib keladigan shartnoma mavjud boʻlsa, shu shartnoma ilova qilinadi.
