369-modda. Soliqni hisoblab chiqarish, soliq hisob-kitoblarini taqdim etish va soliqni toʻlash tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Yagona yer soligʻi summasi yer uchastkalarining normativ qiymati va yagona yer soligʻining belgilangan stavkasidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi.
Yagona yer soligʻining hisob-kitobi yer uchastkasi joylashgan yerdagi davlat soliq xizmati organiga joriy soliq davrining 1-mayigacha taqdim etiladi.
Yil davomida berilgan yer uchastkalari uchun yagona yer soligʻi yer uchastkasi berilganidan keyingi oydan boshlab toʻlanadi. Yer uchastkasi olib qoʻyilgan (kamaytirilgan) taqdirda, yagona yer soligʻini toʻlash yer uchastkasi olib qoʻyilgan (kamaytirilgan) oydan boshlab toʻxtatiladi (kamaytiriladi).
Yer uchastkasining tarkibi va maydoni yil davomida oʻzgargan, shuningdek yagona yer soligʻi boʻyicha imtiyozlarga boʻlgan huquq vujudga kelgan (tugatilgan) taqdirda, soliq toʻlovchilar davlat soliq xizmati organlariga hisobot yilining 1-dekabrigacha yagona yer soligʻining aniqlik kiritilgan hisob-kitobini taqdim etishlari shart.
Yagona yer soligʻini toʻlash quyidagi muddatlarda amalga oshiriladi:
hisobot yilining 1-sentabrigacha — yillik soliq summasining 30 foizi;
hisobot yilining 1-dekabrigacha — soliqning qolgan summasi.
