82-modda. Soliq toʻlovchi toʻgʻrisidagi hisob maʼlumotlari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Yuridik shaxs — soliq toʻlovchi toʻgʻrisidagi asosiy hisob maʼlumotlari quyidagilardan iborat:
soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami;
nomi (toʻliq va qisqartirilgan nomi);
joylashgan yeri (pochta manzili).
Yuridik shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari uchun ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan asosiy hisob maʼlumotlariga qoʻshimcha ravishda quyidagilar ham hisob maʼlumotlari hisoblanadi:
tashkiliy-huquqiy shakli;
ushbu Kodeks 35-moddasining ikkinchi qismi asosida soliq majburiyatlarini mustaqil ravishda bajaradigan alohida boʻlinmalar, shuningdek xoʻjalik boshqaruvi organlarining tarkibiga kiruvchi yuridik shaxslar uchun — soliq toʻlovchi qaysi tashkilotning tarkibiga kirsa, shu tashkilot;
davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sana, joy va tartib raqami;
tijorat tashkilotlari uchun — ustav fondining (ustav kapitalining) miqdori;
tijorat tashkilotlari uchun, aksiyadorlik jamiyatlari bundan mustasno, muassislarning — Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlarining soliq toʻlovchi tariqasidagi identifikatsiya raqamini hamda har bir muassisning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushini ham koʻrsatgan holda muassislarning toʻliq tarkibi.
Jismoniy shaxs — soliq toʻlovchi toʻgʻrisidagi hisob maʼlumotlari quyidagilardan iborat:
soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami;
familiyasi, ismi va otasining ismi;
fuqaroligi;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun — fuqaroning identifikatsiya raqami (shaxsiy kodi);
pasportining seriyasi va raqami, berilgan sanasi va joyi;
yashash joyi (manzili).
Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun quyidagilar ham soliq toʻlovchi toʻgʻrisidagi hisob maʼlumotlaridir:
davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sana, joy va tartib raqami;
faoliyat turi;
faoliyat amalga oshiriladigan joy.
