247-modda. Yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliqni hisoblab chiqarish, hisob-kitoblarni taqdim etish va toʻlash tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq soliq solinadigan bazadan va belgilangan stavkadan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi.
Foydali qazilmalarning alohida turlari boʻyicha yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq summasi soliq solinadigan bazadan va belgilangan stavkadan kelib chiqqan holda belgilanadi, lekin u yer qaʼridan foydalanganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan soliq summasidan past boʻlmasligi kerak.
Yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliqning hisob-kitobi soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organlariga quyidagi muddatlarda taqdim etiladi:
yuridik shaxslar tomonidan — ortib boruvchi yakun bilan yilning har choragida, hisobot davridan keyingi oyning 25-kunidan kechiktirmay, yil yakunlari boʻyicha esa yillik moliyaviy hisobot taqdim etiladigan muddatda;
jismoniy shaxslar tomonidan — yiliga bir marta, soliq davridan keyingi yilning 1-fevralidan kechiktirmay.
Yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq toʻlash har oyda keyingi oyning 25-sanasidan kechiktirmay, yil yakunlari boʻyicha esa — yillik moliyaviy hisobotni taqdim etish muddatidan kechiktirmay amalga oshiriladi.
