30-modda. Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Ushbu Kodeksda, boshqa qonunlarda va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida, alohida hollarda esa Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan, boshqa soliq toʻlovchilarga nisbatan ayrim toifadagi soliq toʻlovchilarga beriladigan afzalliklar, shu jumladan soliq va (yoki) boshqa majburiy toʻlov toʻlamaslik yoxud ularni kamroq miqdorda toʻlash imkoniyati soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlar deb eʼtirof etiladi.
Mol-mulk soligʻi, yer soligʻi, yagona yer soligʻi boʻyicha imtiyozlarni berish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Soliq toʻlovchi soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlardan tegishli huquqiy asoslar vujudga kelgan paytdan eʼtiboran ular amal qiladigan butun davr mobaynida foydalanishga haqli.
Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlar boʻshagan mablagʻlarni muayyan maqsadlarga yoʻnaltirish sharti bilan berilishi mumkin. Bunday mablagʻlardan belgilanmagan maqsadda foydalanilgan taqdirda, belgilanmagan maqsadda foydalanilgan summa oʻrnatilgan tartibda penya hisoblangan holda budjetga undirib olinadi. Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha berilgan imtiyozlar munosabati bilan boʻshagan hamda ushbu imtiyozlarning amal qilish muddati ichida foydalanilmagan mablagʻlarning summasi imtiyozlar berilayotgan chogʻda belgilangan maqsadlarga mazkur imtiyozlarning amal qilish muddati tugaganidan keyin bir yil mobaynida yoʻnaltirilishi mumkin. Bunda koʻrsatilgan muddatda foydalanilmagan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetiga oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bosh boshqarmalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining muassasalari hamda “Agrosanoat majmuida xizmatlar koʻrsatish markazi” davlat unitar korxonasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining nazorat funksiyalarini amalga oshirish uchun koʻrsatiladigan xizmatlar uchun ushbu Kodeksda nazarda tutilgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan ozod qilinadi, bundan yagona ijtimoiy toʻlov mustasno.
