31-modda. Soliq toʻlovchilarning huquqlari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq toʻlovchilar quyidagi huquqlarga ega:
davlat soliq xizmati organlari va boshqa vakolatli organlardan amaldagi soliqlar, boshqa majburiy toʻlovlar, soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlar haqida axborot olish;
oʻz soliq majburiyatlarini bajarish yuzasidan davlat soliq xizmati organlari hamda boshqa vakolatli organlardagi mavjud maʼlumotlarni olish;
soliq munosabatlari masalalari yuzasidan oʻz manfaatlarini shaxsan yoki oʻz vakili orqali ifoda etish;
ushbu Kodeksda, boshqa qonunlar va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida, alohida hollarda esa Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida belgilab qoʻyilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda hamda tartibda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlardan foydalanish;
soliqlar, boshqa majburiy toʻlovlar, penya va jarimalarning ortiqcha toʻlangan yoki undirilgan summalarini hisobga olish yoki qaytarib olish;
ushbu Kodeksda hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan shartlarda va tartibda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashni kechiktirish va (yoki) boʻlib-boʻlib toʻlash;
soliq solish obyektini hisobga olishda, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqarish hamda toʻlashda oʻzlari yoʻl qoʻygan xatolarni mustaqil ravishda tuzatish;
soliq tekshiruvlari materiallari bilan tanishish va tekshiruv dalolatnomalarini olish;
soliq tekshiruvlarini amalga oshirayotgan davlat soliq xizmati organlariga soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini bajarishga doir masalalar yuzasidan tushuntirishlar berish;
davlat soliq xizmati organlarining, boshqa vakolatli organlar va ular mansabdor shaxslarining ushbu Kodeksga va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq boʻlmagan hujjatlari hamda talablarini bajarmaslik;
davlat soliq xizmati organlarining va boshqa vakolatli organlarning qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish;
davlat soliq xizmati organlarining va boshqa vakolatli organlarning qonunga xilof qarorlari yoki ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari tufayli yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishini belgilangan tartibda talab qilish.
Soliq toʻlovchilar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Soliq toʻlovchining soliq munosabatlarida shaxsan ishtirok etishi uni vakilga ega boʻlish huquqidan mahrum etmaydi, xuddi shuningdek vakilning ishtirok etishi soliq toʻlovchini bunday munosabatlarda shaxsan ishtirok etish huquqidan mahrum etmaydi.
