32-modda. Soliq toʻlovchilarning majburiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq toʻlovchilar:
oʻz soliq majburiyatlarini oʻz vaqtida va toʻliq hajmda bajarishi;
qonun hujjatlariga muvofiq buxgalteriya hisobini yuritishi, moliyaviy va soliq hisobotini tuzishi;
davlat soliq xizmati organlariga va boshqa vakolatli organlarga imtiyozlar olish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi;
soliq tekshiruvlari oʻtkazilayotgan vaqtda davlat soliq xizmati organlariga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqarish, toʻlash bilan bogʻliq hujjatlar hamda maʼlumotlarni taqdim etishi;
davlat soliq xizmati organlarining va boshqa vakolatli organlarning hamda ular mansabdor shaxslarining qonuniy talablarini bajarishi, shuningdek mazkur organlarning, ular mansabdor shaxslarining qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilmasligi shart.
Soliq agentlari ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan majburiyatlardan tashqari:
soliq toʻlovchilarga toʻlanadigan mablagʻlardan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻgʻri va oʻz vaqtida hisoblab chiqarishi, ushlab qolishi hamda budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga oʻtkazishi;
soliq toʻlovchilarga toʻlangan daromadlarning, ushlab qolingan hamda budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga oʻtkazilgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning hisobini yuritishi, shu jumladan har bir soliq toʻlovchi boʻyicha alohida-alohida hisob yuritishi shart.
Qonun hujjatlariga muvofiq soliq toʻlovchilar zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
