34-modda. Soliq majburiyati
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq toʻlovchining soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq yuzaga keladigan majburiyati soliq majburiyati deb eʼtirof etiladi.
Soliq majburiyatini bajarish uchun soliq toʻlovchi:
ushbu Kodeksda belgilangan hollarda davlat soliq xizmati organlarida hisobga turishi;
soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bogʻliq obyektlarni aniqlashi hamda ularning hisobini yuritishi;
moliyaviy va soliq hisobotini tuzishi hamda uni davlat soliq xizmati organlariga taqdim etishi;
soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni oʻz vaqtida hamda toʻliq miqdorda toʻlashi shart.
