245-modda. Soliq solinadigan baza
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliqni hisoblab chiqarish uchun, agar ushbu moddaning oltinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, kavlab olingan (ajratib olingan) tayyor mahsulot hajmining hisobot davri uchun oʻrtacha olingan realizatsiya qilish bahosida hisoblab chiqilgan qiymati soliq solinadigan bazadir.
Hisobot davri uchun oʻrtacha olingan realizatsiya qilish bahosi har bir kavlab olingan (ajratib olingan) tayyor mahsulot boʻyicha alohida, pulda ifodalangan realizatsiya qilish hajmlarini (qoʻshilgan qiymat soligʻi va aksiz soligʻini chegirgan holda) naturada ifodalangan realizatsiya qilish hajmiga boʻlish orqali aniqlanadi.
Hisobot davrida tayyor mahsulot realizatsiya qilinmagan boʻlsa, soliq solinadigan baza realizatsiya qilish amalga oshirilgan oxirgi hisobot davrida tayyor mahsulotni realizatsiya qilishning oʻrtacha olingan bahosidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Tayyor mahsulot umuman realizatsiya qilinmagan taqdirda, soliq solinadigan baza hisobot davrida mazkur foydali qazilmalarni kavlab olishning (ajratib olishning) ishlab chiqarish tannarxidan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Bunda soliq toʻlovchi realizatsiya qilish amalga oshirilgan oʻsha hisobot davrida hisoblangan yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq summasiga hisobot davrida tarkib topgan oʻrtacha olingan bahodan kelib chiqqan holda keyingi tuzatishni kiritishi shart.
Tayyor mahsulot tannarxidan past bahoda realizatsiya qilingan yoki topshirilgan taqdirda oʻrtacha olingan bahoni hisob-kitob qilish uchun tannarx qabul qilinadi, lekin u deklaratsiya qilinayotgan baholardan yuqori boʻlmasligi kerak.
Tayyor mahsulot (tayyor mahsulotning bir qismi) boshqa tayyor mahsulotni ishlab chiqarish uchun xom ashyo boʻlgan yoki tayyor mahsulot (qayta ishlab hosil qilingan mahsulot) oʻzining ishlab chiqarish yoki xoʻjalik ehtiyojlari uchun foydalanilgan hollarda bunday mahsulot uchun soliq solinadigan baza kavlab olingan (ajratib olingan) tayyor mahsulotning ishlab chiqarish tannarxidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
