244-modda. Soliq solish obyekti
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Kavlab olingan (ajratib olingan) tayyor mahsulotning hajmi yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq solish obyektidir. Tayyor mahsulotlar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan belgilanadi.
Yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi belgilangan va realizatsiya qilish yoki topshirish, shu jumladan bepul berish, shuningdek mahsulot ishlab chiqarish maqsadida oʻz isteʼmoli va boshqa ehtiyojlari uchun moʻljallangan foydali qazilma (foydali komponent) tayyor mahsulot deb eʼtirof etiladi.
Soliq solish obyekti tayyor mahsulotning har bir turi boʻyicha alohida aniqlanadi.
Uglevodorodlar uchun soliq solish obyekti quyidagilardir:
sanoat yoʻsinida dastlabki qayta ishlovdan oʻtkazilgan kavlab olingan uglevodorodlar, shu jumladan qoʻshilib chiqadigan foydali qazilmalar va foydali komponentlar;
uglevodorodlarni qayta ishlash jarayonida ajratib olingan, lekin oldingi kavlab olinganda va qayta ishlanganda qayta ishlanadigan foydali qazilmalar tarkibida tayyor mahsulot sifatida soliq solinmagan foydali komponentlar.
Qatlamdagi bosimni saqlab turish va (yoki) uglevodorodlarni tugal texnologik jarayon doirasida ajratib olish uchun mahsuldor qatlamga qayta haydab kiritiladigan tabiiy gaz hajmi soliq solish obyekti boʻlmaydi.
Ajratib olingan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar, shu jumladan texnogen mineral hosilalardan ajratib olingan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar uchun soliq solish obyektidir.
Ushbu moddaning oltinchi qismida koʻrsatilganlardan tashqari, quyidagilar qattiq foydali qazilmalar boʻyicha soliq solish obyektidir:
kavlab olingan (shu jumladan qoʻshilib chiqadigan) foydali qazilmalar;
foydali qazilmalardan, mineral xom ashyodan, texnogen mineral hosilalardan ajratib olingan foydali komponentlar;
Soliq toʻlovchilarga berilgan yer uchastkalari doirasida kavlab olingan hamda oʻzining xoʻjalik va roʻzgʻor ehtiyojlari uchun foydalanilgan keng tarqalgan foydali qazilmalar soliq solish obyekti boʻlmaydi.
Keng tarqalgan foydali qazilmalar roʻyxati qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
