100-modda. Soliq tekshiruvini oʻtkazish doirasida harakatlar amalga oshirilganda tuziladigan bayonnomaga qoʻyiladigan talablar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda, soliq tekshiruvi doirasida harakatlar amalga oshirilganda bayonnoma tuziladi. Bayonnomada quyidagilar koʻrsatiladi:
1) tekshirilayotgan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi);
2) tekshiruvni oʻtkazish asoslari, turi va davri;
3) muayyan harakat bajarilgan sana va joy;
4) harakat boshlangan va tugallangan vaqt;
5) bayonnomani tuzgan shaxsning lavozimi, familiyasi, ismi, otasining ismi;
6) harakatlarni amalga oshirishda ishtirok etgan va (yoki) hozir boʻlgan har bir shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, zarur hollarda esa uning manzili;
7) harakatning mazmun-mohiyati, uni oʻtkazish izchilligi;
8) soliq tekshiruvi paytida aniqlangan faktlar va holatlar.
Harakatlarning amalga oshirilishida ishtirok etgan va (yoki) hozir boʻlgan barcha shaxslar bayonnomani oʻqib chiqadilar. Mazkur shaxslar oʻz fikr-mulohazalarini bayon etishga haqli va bu fikr-mulohazalar bayonnomaga kiritilishi yoki soliq tekshiruvi materiallariga qoʻshib qoʻyilishi lozim. Bayonnoma davlat soliq xizmati organining bayonnomani tuzgan mansabdor shaxsi, shuningdek harakatlarni amalga oshirishda ishtirok etgan va (yoki) hozir boʻlgan shaxslar tomonidan imzolanadi. Bayonnomaga fotosuratlar va negativlar, kinolentalar, videoyozuvlar hamda harakatlar amalga oshirilganda bajarilgan boshqa materiallar ilova qilinishi mumkin.
