101-modda. Soliq tekshiruvi natijalarini rasmiylashtirish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxslari tomonidan soliq tekshiruvi natijalari boʻyicha quyidagilar koʻrsatilgan holda soliq tekshiruvi dalolatnomasi tuzilishi kerak:
1) tekshiruv oʻtkazilgan joy, dalolatnoma tuzilgan sana;
2) tekshiruv oʻtkazish uchun asos;
3) tekshiruv turi va uni oʻtkazish davri;
4) davlat soliq xizmati organining tekshiruvni oʻtkazgan mansabdor shaxslarining familiyasi, ismi, otasining ismi;
5) yakka tartibdagi tadbirkorning familiyasi, ismi, otasining ismi;
6) yuridik shaxsning toʻliq nomi, tekshiruv davrida rahbarlik vazifalarini yoki buxgalteriya hisobi yuritish vazifalarini amalga oshirgan mansabdor shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi;
7) soliq toʻlovchining joylashgan yeri (pochta manzili), bank rekvizitlari, shuningdek uning identifikatsiya raqami;
8) ilgarigi tekshiruv toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
9) tekshirilayotgan soliq davri va tekshiruv oʻtkazish uchun soliq toʻlovchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar toʻgʻrisidagi umumiy maʼlumotlar;
10) soliq sohasidagi huquqbuzarlikning (u mavjud boʻlganda) soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining tegishli normasiga havola etilgan holdagi mufassal tavsifi;
11) tekshiruv natijalari boʻyicha fikrlar va xulosalar.
Agar soliq tekshiruvi tugallanganida soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilganligi aniqlangan boʻlmasa, bu haqda soliq tekshiruvi dalolatnomasida qayd etiladi.
Soliq tekshiruvi dalolatnomasi kamida uch nusxada tuziladi.
Soliq tekshiruvi dalolatnomasining barcha nusxalari davlat soliq xizmati organlarining soliq tekshiruvini oʻtkazayotgan mansabdor shaxslari tomonidan imzolanadi. Soliq tekshiruvi dalolatnomasining bir nusxasi soliq toʻlovchiga topshiriladi. Soliq toʻlovchi soliq tekshiruvi dalolatnomasini olganda dalolatnomaning barcha nusxalariga uni olgan sanani koʻrsatgan holda imzo qoʻyishi shart. Soliq tekshiruvi dalolatnomasining davlat soliq xizmati organida qolgan nusxalari soliq tekshiruvi materiallariga qoʻshib qoʻyiladi.
Soliq toʻlovchining soliq tekshiruvi dalolatnomasidagi imzosi uning soliq tekshiruvi natijalaridan rozi ekanligini anglatmaydi.
Soliq toʻlovchi soliq tekshiruvi dalolatnomasini olishdan bosh tortgan taqdirda davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxsi bu haqda soliq tekshiruvi dalolatnomasiga tegishli yozuv kiritadi. Mazkur holda soliq tekshiruvi dalolatnomasining bir nusxasi soliq toʻlovchiga pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi va shu paytdan eʼtiboran soliq tekshiruvi tugallangan hisoblanadi.
