102-modda. Soliq tekshiruvi materiallarining davlat soliq xizmati organi tomonidan koʻrib chiqilishi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq tekshiruvi materiallari davlat soliq xizmati organining rahbari yoki rahbar oʻrinbosari tomonidan soliq tekshiruvi tugagan kundan eʼtiboran oʻn ish kuni oʻtgach, biroq oʻn besh ish kunidan kechiktirmasdan koʻrib chiqiladi.
Soliq tekshiruvi materiallari koʻrib chiqilayotganda hisoblangan yoki ortiqcha toʻlangan soliq va boshqa majburiy toʻlovlar miqdori, soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilganligi alomatlari mavjudligi, qoʻllanilayotgan moliyaviy sanksiyalarning miqdori va xususiyati, sodir etilgan soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlikni yengillashtiruvchi yoki ogʻirlashtiruvchi holatlar, maʼmuriy huquqbuzarlik yoki jinoyat alomatlarining mavjudligi, shuningdek soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqish uchun ahamiyatga molik boshqa holatlar aniqlanadi.
Soliq tekshiruvi materiallari koʻrib chiqilayotganda bayonnoma yuritilib, unda quyidagilar koʻrsatiladi:
1) soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqish sanasi va joyi;
2) soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqayotgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, shuningdek lavozimi;
3) soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqishda ishtirok etuvchi shaxslarning hozir boʻlganligiga oid maʼlumotlar;
4) koʻrib chiqilayotgan soliq tekshiruvi materiallari;
5) soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari, iltimosnomalari va ularni koʻrib chiqish natijalari;
6) soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqishda oʻrganilgan hujjatlar;
7) soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqish jarayoni haqidagi boshqa maʼlumotlar.
Soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqish bayonnomasi soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqqan mansabdor shaxs, shuningdek ularni koʻrib chiqishda ishtirok etgan boshqa shaxslar tomonidan imzolanadi.
Soliq toʻlovchi soliq tekshiruvi dalolatnomasi boʻyicha oʻzining yozma tushuntirishlarini yoki eʼtirozlarini soliq tekshiruvi tugagan kundan eʼtiboran oʻn ish kuni ichida taqdim etishga haqli. Mazkur holda soliq tekshiruvi materiallari soliq toʻlovchining mansabdor shaxslari ishtirokida koʻrib chiqiladi. Davlat soliq xizmati organi tekshiruv materiallarini koʻrib chiqish sanasi, vaqti va joyi toʻgʻrisida soliq toʻlovchini koʻrib chiqishdan kamida ikki ish kuni oldin xabardor qiladi.
