357-modda. Yalpi tushumga tuzatish kiritish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq toʻlovchida yalpi tushumga tuzatish kiritish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
1) tovarlar toʻliq yoki qisman qaytarilganda;
2) bitim shartlari oʻzgarganda;
3) baholar oʻzgarganda, sotib oluvchi siylovdan (skidkadan) foydalanganda;
4) bajarilgan ishlar, koʻrsatilgan xizmatlardan voz kechilganda.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan yalpi tushumga tuzatish kiritish bir yillik muddat doirasida, kafolat muddati belgilangan tovarlar (ishlar, xizmatlar) boʻyicha esa kafolat muddati doirasida amalga oshiriladi.
Ushbu moddaga muvofiq yalpi tushumga tuzatish kiritish ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan hollar yuz berganligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida amalga oshiriladi. Bunda tovarni (ishni, xizmatni) yetkazib beruvchi yalpi tushumga tuzatish kiritishni ushbu Kodeksning 222-moddasida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiradi.
Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olinadigan daromadga ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan hollarda tuzatish kiritish koʻrsatilgan hollar yuz bergan soliq davrida amalga oshiriladi.
