387-modda. Bozorlarga soliq solish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Bozorlarning ushbu Kodeks 385 va 386-moddalarida koʻrsatilgan daromadlaridan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar undirilmaydi.
Bozorlar zimmasida toʻlov manbaida soliqlar va majburiy toʻlovlarni undirish boʻyicha majburiyatlar hamda budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga quyidagilarni toʻlash majburiyatlari saqlanib qoladi:
bojxona toʻlovlari;
yagona ijtimoiy toʻlov;
davlat boji;
tovarlarning ayrim turlari bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlar koʻrsatish huquqi uchun yigʻim;
avtotransport vositalarini olganlik va (yoki) vaqtinchalik olib kirganlik uchun yigʻim.
Bozorlar daromadlarining umumiy summasidan, 50 foizi bozorlar joylashgan joydagi tegishli mahalliy budjetlarga belgilangan tartibda yoʻnaltiriladi. Qolgan 50 foizi bozorlar maʼmuriyati tasarrufida qoladi va ulardan joriy xarajatlarni qoplash, rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish, bozorlar tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlarning roʻyxatini kengaytirish, sifatini yaxshilash uchun foydalaniladi.
Qatʼiy belgilangan soliq solinadigan faoliyat turlari bozorlar tomonidan amalga oshirilganda, bunday faoliyatdan olingan daromadlarga ushbu Kodeksning 58-bobiga muvofiq qatʼiy belgilangan soliq solinadi. Bunda mazkur daromadlarga ushbu modda uchinchi qismining qoidalari tatbiq etilmaydi.
Olingan daromadlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni bozorlar soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organlariga har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 10-kunidan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan tasdiqlagan shaklda taqdim etadi.
Mablagʻlarni budjetga oʻtkazish olingan daromadlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish muddatidan kechiktirmasdan bir oyda bir marta amalga oshiriladi.
Ushbu bob qoidalari ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 51 foizdan kam boʻlmagan yuridik shaxslar — savdo komplekslariga tatbiq etiladi.
