56-modda. Soliqning ortiqcha toʻlangan summalarini hisobga olish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliqning budjetga toʻlangan hamda toʻlash uchun hisoblangan summasi oʻrtasidagi ijobiy farq soliqning ortiqcha toʻlangan summasi deb eʼtirof etiladi.
Ortiqcha toʻlangan summa soliq qarzini quyidagi ketma-ketlikda uzish hisobiga hisobga olinishi kerak:
1) soliqning mazkur turi boʻyicha penya va jarimalarni uzish hisobiga;
2) boshqa turdagi soliqlar boʻyicha qarzni uzish hisobiga;
3) boshqa turdagi soliqlar boʻyicha penya va jarimalarni uzish hisobiga;
4) mazkur soliq boʻyicha kelgusi toʻlovlar hisobiga;
5) boshqa turdagi soliqlar boʻyicha kelgusi toʻlovlar hisobiga.
Ortiqcha toʻlangan soliq summasini mazkur soliq turi boʻyicha penya va jarimalarni uzish hisobiga hisobga olish davlat soliq xizmati organi tomonidan mustaqil ravishda soliq toʻlovchining arizasisiz amalga oshiriladi, soliq toʻlovchi bu haqda hisobga olish amalga oshirilgan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida yozma shaklda, shu jumladan soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali xabardor etiladi.
Ushbu modda ikkinchi qismining 2, 3 va 5-bandlarida nazarda tutilgan hollarda ortiqcha toʻlangan soliqni hisobga olish soliq toʻlovchining yozma arizasi, shu jumladan soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali yuboriladigan arizasi asosida davlat soliq xizmati organi tomonidan hisobga olishni amalga oshirish toʻgʻrisida xulosa taqdim etilgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi gʻaznachiligi tomonidan amalga oshiriladi. Davlat soliq xizmati organi soliq toʻlovchi tomonidan yozma ariza, shu jumladan soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali yuboriladigan ariza berilgan sanadan eʼtiboran uch ish kuni ichida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi gʻaznachiligiga hisobga olishni amalga oshirish toʻgʻrisida xulosa taqdim etishi shart.
Soliq toʻlovchi soliq hisoboti taqdim etilgan sanadan eʼtiboran oʻn kun ichida yozma ariza, shu jumladan soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali yuborilgan ariza bermagan taqdirda, davlat soliq xizmati organi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi gʻaznachiligiga ushbu modda ikkinchi qismining 2 va 3-bandlarida nazarda tutilgan hisobga olishni amalga oshirish toʻgʻrisida mustaqil ravishda xulosa taqdim etishi mumkin.
Ortiqcha toʻlangan soliq summasini hisobga olish bu xususda xulosa berilgan sanadan eʼtiboran oʻn ish kuni ichida amalga oshiriladi.
Ortiqcha toʻlangan soliq summasi boshqa soliq toʻlovchining soliq qarzini uzish hisobiga hisobga olinishi mumkin emas.
