193-modda. Deklaratsiya boʻyicha soliq toʻlash tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Jismoniy shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari daromadlar toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning maʼlumotlari asosida hisoblab chiqarilgan, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini oʻtgan soliq davridan keyingi yilning 1-iyunidan kechiktirmay toʻlaydilar.
Jismoniy shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari hisoblab chiqarilgan daromad soligʻini xorijiy davlatda joylashgan bank hisobvaragʻidan chet el valyutasida toʻlashi mumkin. Bunda jismoniy shaxslardan olinadigan, milliy valyutada ifodalangan soliq jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi toʻlangan sanada Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan kurs boʻyicha chet el valyutasida qayta hisoblab chiqiladi.
Mol-mulkni ijaraga berishdan daromadlar oladigan jismoniy shaxslar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini taqdim etilgan dastlabki deklaratsiya yoki davlat soliq xizmati organining xabarnomasi asosida, daromad olingan oydan keyingi oyning beshinchi sanasigacha har oyda toʻlaydi. Yil tugagach, jismoniy shaxslarning daromadlaridan olinadigan soliqning yillik summasi haqiqatda olingan daromad boʻyicha hisoblab chiqariladi. Bu summa bilan yil mobaynida toʻlangan summalar oʻrtasidagi farq kelgusi yilning 1-iyunidan kechiktirmay soliq toʻlovchidan undirilishi yoki unga qaytarilishi kerak.
Jismoniy shaxslarning daromadlaridan olinadigan soliq toʻlangan sana quyidagilardir:
yuridik shaxslar yoki jismoniy shaxslar tomonidan bankdagi hisobvaragʻidan toʻlangani taqdirda — ularning bankdagi hisobvaragʻidan mablagʻlar hisobdan chiqarilgan kun;
jismoniy shaxslar tomonidan naqd pul mablagʻlari kiritilgan taqdirda — bank kassasiga mablagʻlar toʻlangan sana.
Davlat soliq xizmati organlari tomonidan hisoblab chiqariladigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini toʻlash toʻlov xabarnomasida koʻrsatilgan muddatlarda amalga oshirilishi kerak.
