275-modda. Imtiyozlar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Quyidagilarning mulkida boʻlgan mol-mulkka jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq solinmaydi:
1) “Oʻzbekiston Qahramoni”, Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni unvonlariga sazovor boʻlgan, uchala darajadagi Shuhrat ordeni bilan taqdirlangan fuqarolarning. Mazkur imtiyoz tegishincha “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni berilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma, Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni daftarchalari, orden daftarchasi yoki mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimning maʼlumotnomasi asosida beriladi;
2) urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek doirasi qonun hujjatlari bilan belgilanuvchi ularga tenglashtirilgan shaxslarning. Mazkur imtiyoz urush nogironining (qatnashchisining) tegishli guvohnomasi yoki mudofaa ishlari boʻlimining yoxud boshqa vakolatli organning maʼlumotnomasi asosida, boshqa nogironlarga (qatnashchilarga) esa nogironning (qatnashchining) imtiyozlarga boʻlgan huquqi toʻgʻrisidagi guvohnoma asosida beriladi;
3) oʻn nafar va undan ortiq bolalari bor ayollarning. Mazkur imtiyozni berish uchun fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organining bolalar borligini tasdiqlovchi maʼlumotnomasi asos boʻladi;
5) pensionerlarning. Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi asosida beriladi;
6) I va II guruh nogironlarining. Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining maʼlumotnomasi asosida beriladi;
7) sobiq SSSRni, Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish yoki harbiy xizmatning yoxud ichki ishlar organlaridagi xizmatning boshqa majburiyatlarini bajarish chogʻida yaralanganligi, kontuziya boʻlganligi yoki shikastlanganligi oqibatida yoxud frontda boʻlish bilan bogʻliq kasallik tufayli halok boʻlgan harbiy xizmatchilar hamda ichki ishlar organlari xodimlari ota-onalarining va beva xotinlarining (beva erlarining). Imtiyoz “Halok boʻlgan askarning beva xotini (beva eri, onasi, otasi)” yoki “Ichki ishlar organlari halok boʻlgan xodimining beva xotini (beva eri, onasi, otasi)” shtampi qoʻyilgan yoxud pensiya guvohnomasini bergan muassasa rahbarining imzosi va ushbu muassasa muhri bilan tasdiqlangan tegishli yozuvli pensiya guvohnomasi asosida beriladi. Agar mazkur shaxslar pensioner boʻlmasa, imtiyoz ularga sobiq SSSR Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik qoʻmitasi yoki Ichki ishlar vazirligining, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi yoxud Ichki ishlar vazirligining tegishli organlari tomonidan berilgan harbiy xizmatchining yoki ichki ishlar organi xodimining halok boʻlganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma asosida beriladi. Sobiq SSSRni, Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish yoki harbiy xizmatning yoxud ichki ishlar organlaridagi xizmatning boshqa majburiyatlarini bajarish chogʻida yoki frontda boʻlish bilan bogʻliq kasallik tufayli halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning yoxud ichki ishlar organlari xodimlarining beva xotinlariga (beva erlariga) imtiyoz faqat ular yangi nikohdan oʻtmagan taqdirda beriladi.
