16-modda. Yuridik va jismoniy shaxslar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Yuridik shaxs deb quyidagilar eʼtirof etiladi:
Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etilgan, oʻz mulkida, xoʻjalik yuritishida yoki operativ boshqaruvida alohida mol-mulkka ega boʻlgan hamda oʻz majburiyatlari yuzasidan ushbu mol-mulk bilan javob beradigan, mustaqil balansiga yoki smetasiga ega boʻlgan, oʻz nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega boʻla oladigan hamda ularni amalga oshira oladigan, majburiyatlarni bajara oladigan, sudda daʼvogar va javobgar boʻla oladigan tashkilot;
chet davlatning qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etilgan chet el tashkiloti;
Oʻzbekiston Respublikasining, chet davlatning qonun hujjatlariga yoki xalqaro shartnomaga muvofiq tashkil etilgan xalqaro tashkilot.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet davlatlar fuqarolari, shuningdek fuqaroligi boʻlmagan shaxslar jismoniy shaxslar deb eʼtirof etiladi.
