328-modda. Undirish obyektlari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Davlat boji quyidagilardan undiriladi:
1) fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga beriladigan daʼvo arizalaridan, davlat boshqaruvi organlarining, maʼmuriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli boʻlgan boshqa organlarning, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining va ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan berilgan arizalardan (shikoyatlardan), alohida tartibda yuritiladigan ishlarga doir arizalardan, fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarning hal qiluv qarorlari, ish yuritishni tugatish toʻgʻrisidagi, daʼvoni koʻrmasdan qoldirish toʻgʻrisidagi, sud jarimalarini solish toʻgʻrisidagi ajrimlar ustidan beriladigan apellyatsiya, kassatsiya shikoyatlaridan va nazorat tartibidagi shikoyatlardan, hakamlik sudining hal qiluv qarorlari yuzasidan nizolashish haqidagi arizalardan, hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizalardan, hakamlik sudining hal qiluv qarorlari yuzasidan nizolashish haqidagi, hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ishlar yuzasidan fuqarolik ishlari boʻyicha sud ajrimlari ustidan beriladigan apellyatsiya, kassatsiya shikoyatlaridan va nazorat tartibidagi shikoyatlardan, chet davlat sudining hamda chet davlat hakamlik sudining (arbitrajining) hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish haqidagi arizalardan, chet davlat sudining hamda chet davlat hakamlik sudining (arbitrajining) hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi ishlar yuzasidan fuqarolik ishlari boʻyicha sud ajrimlari ustidan beriladigan apellyatsiya, kassatsiya shikoyatlaridan va nazorat tartibidagi shikoyatlardan, shuningdek fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar tomonidan hujjatlarning dublikatlari va koʻchirma nusxalarini berganlik uchun;
2) iqtisodiy sudlarga beriladigan daʼvo arizalaridan, tashkilotlarni va fuqarolarni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi arizalardan, nizo predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qiluvchi uchinchi shaxs sifatida ishga kirishish haqidagi arizalardan, iqtisodiyot sohasida yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning huquqlari yuzaga kelishi, oʻzgarishi yoki bekor boʻlishi uchun ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni aniqlash toʻgʻrisidagi arizalardan, iqtisodiy sudning hal qiluv qarorlari, ish yuritishni tugatish haqidagi, daʼvoni koʻrmasdan qoldirish toʻgʻrisidagi, sud jarimalarini solish haqidagi ajrimlar ustidan beriladigan apellyatsiya, kassatsiya va nazorat shikoyatlaridan, hakamlik sudining hal qiluv qarorlari yuzasidan nizolashish toʻgʻrisidagi, hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish haqidagi arizalardan, hakamlik sudining hal qiluv qarorlari yuzasidan nizolashish toʻgʻrisidagi, hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish haqidagi ishlar boʻyicha iqtisodiy sud ajrimlari ustidan beriladigan apellyatsiya, kassatsiya va nazorat shikoyatlaridan, chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi arizalardan, chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish haqidagi ishlar boʻyicha sud ajrimlari ustidan beriladigan apellyatsiya, kassatsiya va nazorat shikoyatlaridan, shuningdek iqtisodiy sudlar tomonidan hujjatlarning dublikatlari va koʻchirma nusxalarini berganlik uchun;
