256-modda. Mahsulot taqsimotiga oid bitim doirasida amalga oshiriladigan faoliyatga soliq solishning oʻziga xos xususiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Chet ellik investor mahsulot taqsimotiga oid bitimlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarni istisno etganda mahsulot taqsimotiga oid bitimning amal qilish muddati mobaynida quyidagilarni toʻlaydi:
1) foyda soligʻi;
2) yer soligʻi;
3) suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
4) yer qaʼridan foydalanuvchilar uchun soliqlar va maxsus toʻlovlar, bundan qoʻshimcha foyda soligʻi mustasno;
5) yagona ijtimoiy toʻlov;
6) aksiz soligʻi.
Ushbu modda birinchi qismining 1 — 5-bandlarida nazarda tutilgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar (yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq bundan mustasno), agar mahsulot taqsimotiga oid bitimda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari uchun belgilangan stavkalar boʻyicha undiriladi. Yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq va aksiz soligʻi Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari uchun belgilangan stavkalar boʻyicha undiriladi.
Chet ellik investorga soliq solish quyidagi xususiyatlar inobatga olingan holda amalga oshiriladi:
1) foyda soligʻi mahsulot taqsimotiga oid bitim boʻyicha ishlarni bajarish chogʻida olingan daromad boʻyicha va faoliyatning boshqa turlari boʻyicha olingan daromad boʻyicha alohida-alohida toʻlanadi. Mahsulot taqsimotiga oid bitim boʻyicha ishlarni bajarish chogʻida olingan daromadlar yuzasidan foyda soligʻi solish obyekti bitim shartlariga binoan chet ellik investorga tegishli boʻlgan, chegirmalar qilinmagan holda foydaga qolgan mahsulotning qiymatidir;
2) chet ellik investor yer qaʼridan foydalanuvchilar uchun quyidagi soliqlar va maxsus toʻlovlar toʻlaydi:
mahsulot taqsimotiga oid bitim tuzilganda va (yoki) muayyan natijaga erishilganda, bitim shartlariga muvofiq belgilangan bonuslar;
mineral xom ashyoni kavlab olish hajmiga yoki ishlab chiqarilgan mahsulot qiymatiga nisbatan foizli nisbatda mahsulot taqsimotiga oid bitim shartlariga muvofiq belgilanadigan va pul shaklida yoki kavlab olingan mineral xom ashyoning bir qismi tarzida toʻlanadigan yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq;
3) atrof muhitni ifloslantirganlik uchun kompensatsiya toʻlovlari qonun hujjatlariga muvofiq toʻlanadi;
4) investorlarga va (yoki) mahsulot taqsimotiga oid bitim boʻyicha ishlarni bajarishda ishtirok etayotgan operatorlarga yuridik shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari tomonidan beriladigan tovarlarga (bajariladigan ishlarga, koʻrsatiladigan xizmatlarga) nol darajali stavka boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi solinadi;
