257-modda. Soliq toʻlovchilar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq toʻlovchilar Oʻzbekiston Respublikasi hududida suvdan foydalanishni yoki suv isteʼmolini amalga oshiruvchi quyidagi shaxslardir:
yuridik shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari;
faoliyatini doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari;
tadbirkorlik faoliyati uchun suvdan foydalanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar;
yuridik shaxs tashkil etgan va tashkil etmagan holda tuzilgan dehqon xoʻjaliklari.
Aholi punktlarining suv taʼminoti uchun suv yetkazib berishni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar faqat oʻz ehtiyojlariga ishlatiladigan suv uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni toʻlovchidir.
Quyidagilar suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq toʻlovchilar boʻlmaydi:
notijorat tashkilotlar. Notijorat tashkilotlar tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirgan taqdirda, ushbu boʻlimda nazarda tutilgan tartibda tadbirkorlik faoliyatida foydalaniladigan suv hajmlari boʻyicha suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni toʻlovchilar boʻladi. Bunda ushbu Kodeksning 132-moddasida koʻrsatilgan boshqa daromadlarni olish tadbirkorlik faoliyati sifatida qaralmaydi;
yagona yer soligʻini toʻlovchilar, agar ushbu Kodeksning 57-bobida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa.
