1551-modda. Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining mol-mulkni realizatsiya qilishdan olgan daromadlariga soliq solishning oʻziga xos xususiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Ushbu modda mazkur Kodeks 155-moddasi uchinchi qismining 3-bandida koʻrsatilgan mol-mulk bir yuridik shaxs — Oʻzbekiston Respublikasi norezidenti tomonidan boshqa yuridik shaxsga — Oʻzbekiston Respublikasi norezidentiga, jismoniy shaxsga — Oʻzbekiston Respublikasi norezidentiga yoki rezidentiga realizatsiya qilingan taqdirda qoʻllaniladi.
Yuridik shaxs — Oʻzbekiston Respublikasi norezidenti tomonidan mol-mulkni realizatsiya qilishdan olingan daromadlar boʻyicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻini ushlab qolish va toʻlash majburiyati soliq agenti deb eʼtirof etiladigan daromadni toʻlash manbaiga (mol-mulkni sotib oluvchining zimmasiga) yuklatiladi.
Mol-mulkni realizatsiya qiluvchi yuridik shaxs — Oʻzbekiston Respublikasi norezidenti soliq agentiga mol-mulkni olish qiymatini tasdiqlovchi hujjatlarning koʻchirma nusxalarini (mavjud boʻlsa) taqdim etishi shart. Taqdim etilgan hujjatlar asosida soliq agenti yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi summasini ushbu Kodeks 155-moddasi uchinchi qismining 3-bandiga muvofiq aniqlanadigan soliq solinadigan bazadan va ushbu Kodeks 160-moddasining 4-bandida belgilangan stavkadan kelib chiqqan holda hisoblab chiqaradi hamda ushlab qoladi.
Soliq agenti olinayotgan mol-mulkka boʻlgan mulk huquqi roʻyxatdan oʻtkazilguniga (rasmiylashtirilguniga) qadar Oʻzbekiston Respublikasi norezidentining mol-mulkni realizatsiya qilishdan olgan daromadlari boʻyicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi hisob-kitobini:
yuridik shaxsning — Oʻzbekiston Respublikasi rezidentining ustav kapitalidagi aksiyalari, ulushlari (paylari) realizatsiya qilinganda — ushbu yuridik shaxs roʻyxatdan oʻtkazilgan joydagi davlat soliq xizmati organiga;
koʻchmas mulk realizatsiya qilinganda — koʻchmas mulk joylashgan yerdagi davlat soliq xizmati organiga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shakl boʻyicha, mustaqil ravishda yoki vakolatli shaxs orqali taqdim etishi shart.
Oʻzbekiston Respublikasi norezidentining mol-mulkni realizatsiya qilishdan olingan daromadlari boʻyicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi hisob-kitobi Oʻzbekiston Respublikasi norezidenti qaysi valyutada daromad olayotgan boʻlsa, oʻsha valyutada tuziladi. Hisob-kitobga mol-mulk oldi-sotdi shartnomasining koʻchirma nusxasi va sotuvchi tomonidan taqdim etilgan mol-mulkni olish qiymatini tasdiqlovchi hujjatlarning koʻchirma nusxalari (mavjud boʻlsa) ilova qilinadi. Agar mol-mulkni olish qiymati hisob-kitob tuzilgan valyutada ifodalanmagan boʻlsa, u holda ushbu qiymat mol-mulkni olish sanasida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining kursi boʻyicha hisob-kitob tuzilgan valyutada qayta hisoblab chiqariladi. Davlat soliq xizmati organlari hisob-kitob taqdim etilgan sanadan eʼtiboran uch ish kuni ichida soliq agenti yoki uning vakolatli shaxsi nomiga yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻining hisob-kitob taqdim etilgan sanada Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining kursi boʻyicha hisoblangan milliy valyutadagi summasi koʻrsatilgan toʻlov xabarnomasini yozib beradi.
